Bugungi kunda g‘o‘za parvarishida amalga oshiriladigan muhim agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, obi-tobida, sifatli qilib o‘tkazish dolzarb masala bo‘lib turibdi. Ayniqsa, sug‘orish ishlarini belgilangan meʼyor va talablar asosida tashkil etish g‘o‘zani asrab qolishning muhim sharti hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, “O‘zagroinspeksiya” boshlig‘ining topshirig‘i va ko‘rsatmasiga asosan tizimda “Dolzarb 30 kun”lik eʼlon qilindi. Bu ishlarga Inspeksiyaning Jizzax viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlaridan jami 60 nafarga yaqin xodim jalb etilib, ular zimmasiga suv yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish hamda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga rioya etilishi ustidan qatʼiy nazoratni o‘rnatish vazifalari qo‘yildi.
Inspeksiya tomonidan suv xo‘jaliklari tashkilotlari bilan birgalikda, birinchi navbatda o‘ta og‘ir va olis hududlardagi chanqagan, suvsizlikdan nochor ahvolga kelib qolgan paxta maydonlariga suv yetkazish choralari ko‘rildi va amaliy saʼyi-harakatlar natijasida ko‘pgina suvdan qiynalayotgan fermer xo‘jaliklarining paxta dalasiga suv yetib borishi taʼminlandi.
Hozirgi kunda 77 ming 900 gektar paxta maydoni 1-suvdan chiqarilib, joylarda 2-sug‘orish ishlari ketmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 52 ming 657 gektardan ziyod g‘o‘za maydoni 2-suvni ichgan. G‘o‘zaning takroriy, tomorqa va boshqa sug‘orish ishlarida esa 2 ming 56 nafar suvchilar qatnashmoqda.
Shuningdek, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davrida ayrim suv isteʼmolchilarining suvdan tejab-tergab foydalanishni bilmasligi va isteʼmol madaniyatining yetishmasligi, “quloqboshi”dagilarning «o‘zim xon ko‘lankam maydon» qabilida ish tutishi kabi holatlar ham aniqlandi.
Bu kabi holatlar oqibatida paxta maydonlariga suv yetib borishi anchayin qiyinlashib, suvdan kim, qay yo‘sinda, yoki qanday maqsadda foydalanayotgani ayni vegetatsiya davrida yana-da yaqqolroq sezilib qolmoqda.
“Viloyatdagi 7 ta paxtachilik tumanlarida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan jami 606 ta nazorat tadbirlarida 645 ta kamchiliklar aniqlandi” - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori I.Dushaboyev.- “Shundan 83 ta holatda ekin maydonlari ko‘llatib yuborilgan bo‘lsa, 69 tasida suv kollektor-drenajlarga oqizib qo‘yilgan. Bundan tashqari, ruxsatsiz va shartnoma tuzmasdan suv olish bo‘yicha 56 ta holat aniqlanib, 83 ta holatda daladagi suv qarovsiz qoldirib ketilgan. 34 ta holatda esa meʼyoridan ortiqcha suv olingan”.
“Yana bir gap: Jazirama issiqda g‘o‘zani tunda sug‘orish yaxshi samara beradi. Biroq inspeksiya tomonidan bu borada olib borilgan monitoring tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, hamma ham bu usulga amal qilayotgani yo‘q. Misol uchun, o‘rganishlarda 136 ta holatda tungi sug‘orish ishlari tashkil etilmagan bo‘lsa, 158 tasida sharbatsiz sug‘orilgani maʼlum bo‘ldi”.
Aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish maqsadida suv isteʼmolchilariga 81 ta yozma ko‘rsatma va 200 ta ogohlantirishlar berilib, hokimliklar va suv xo‘jaliklari tashkilotlariga 24 ta taqdimnomalar kiritilgan. Shuningdek, 60 ta maʼmuriy qarorlar qabul qilinib, 76 ta holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun sud idoralariga taqdim etildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi Axborot xizmati