Ру Ўз O`z En

G‘alladan bo‘shagan maydonlar peshma-pesh shudgor qilinib, takroriy ekinlar ekilmoqda

16 Iyun 2020 3406

 

Ayni kunlarda butun mamlakatimiz bo‘ylab g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari jadallik bilan olib borilyapti. Navoiy viloyatida ham kombayn operatorlari kechayu kunduz mehnat qilib, xalqimiz rizq-ro‘zi hisoblangan donni nest-nobud qilmay g‘amlab olishda jonbozlik ko‘rsatishyapti.

Ta’kidlash kerakki, g‘alladan yuqori hosil olayotgan fermer xo‘jaliklari yutug‘ida nafaqat mexanizatordan tortib suvchigacha bo‘lgan jamoaning mehnati balki “O‘zagroinspeksiya”ning Navoiy viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari xodimlarining ham munosib hissasi bor. Chunki kechiktirilmay olib borilgan agrotexnik tadbirlar nazorati hosilning kutilganidek bo‘lishiga xizmat qilishi tabiiy.

Viloyatning Navbahor tumanida joriy yil 8682 gektar maydonga kuzgi boshoqli don ekinlari ekilgan bo‘lib, 15 iyun holatiga ko‘ra, 700 gektar maydondan g‘alla o‘rib-yig‘ib olindi. Bu esa kuniga 153 gektar maydondan don yig‘ishtirib olinyapti, deganidir. Mavsum boshidan buyon uyulgan xirmon

4 ming 427 tonnadan oshdi. Galdagi asosiy vazifa esa g‘alladan bo‘shagan maydonlarga peshma-pesh takroriy ekinlar ekilishi hisoblanadi. Buni nazorat qilish maqsadida “O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limi xodimlari hududlardagi fermerlar bilan uchrashib, targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.

- G‘alladan bo‘shagan maydon uch kun ichida shudgor qilinib, takroriy ekin – sabzi, kartoshka, mosh, oshqovoq va boshqalar ekilishi kerak, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Navbahor tuman bo‘limi inspektori Bobur Payziev.

- Bu bo‘yicha har bir fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, ishni kechiktirmay, sifatli olib borishlari tushuntirilyapti. Shudgorlashni orqaga surayotgan fermerlar ogohlantirilmoqda. Takroriy ekin oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bozorlarimiz to‘kin bo‘lishida muhim ahamiyatga ega. Joriy yil tuman bo‘yicha 5 ming 520 gektar g‘alladan bo‘shagan maydonga takroriy ekin ekish rejalashtirilgan. Buning to‘liq bajarilishi nazoratimizda bo‘ladi.

Hududda joylashgan “Maftuna Oysuluv” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligining 94 gektariga kuzgi boshoqli don ekini ekilgan edi. Fermer xo‘jalik raisi G‘olib Obloqulov g‘alladan bo‘shagan dastlabki 20 gektar maydonga makkajo‘xori ekini ekildi. Sababi takroriy ekin sifatida ekilayotgan makkajo‘xori fermer xo‘jalikning chorvasi uchun ozuqa zaxirasi hisoblanadi.

- Shudgorlash ishlarini tugatib, makkajo‘xorining xorijdan keltirilgan serhosil urug‘idan ekdik, - deydi fermer xo‘jaligi raisi G‘.Obloqulov. – Yaqinda Gollandiyadan 200 bosh qoramol xarid qilib, keltiryapmiz. Makkajo‘xori silosi chorva uchun to‘yimli ozuqa bo‘lishini hisobga olib, yana 100 gektar maydonga siloslik va 50 gektarga don uchun makkajo‘xori ekishni mo‘ljallab turibmiz. Bundan tashqari, takroriy ekin sifatida 20 gektar yerga sabzi, 15 gektariga mosh, 5 gektariga tarvuz va qolgan yerlarga ham boshqa ekinlardan ekamiz. Texnikalarimiz yetarli. Agrotexnik tadbirlarni vaqtida olib borsak, ekinlardan mo‘l hosil olishga erishamiz.

Ayni kunlarda tumanda g‘alla o‘rim-yig‘imi yakunlangan maydonlarda somondan tozalash va shudgorga hozirlash ishlari qizg‘in davom etmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi bu sa’y-harakatlar xalqimiz farovonligiga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga ega.                                                                                                                                                               

"O'zagroinspeksiya" Navoiy viloyati boshqarmasi                      

Text to speech