Andijon viloyati g‘allakorlari tomonidan 2021 yil hosili uchun g‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlar erta bahordanoq uyushqoqlik bilan boshlab yuborilgan. Maʼlumot uchun, viloyatda joriy yil hosili uchun 76000 gektar maydonda boshoqli don ekinlari ekilgan.
Shuningdek, g‘alla maydonlarini mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, sharbat usuli bilan mahalliy o‘g‘itlarni g‘alla maydonlariga sug‘orish orqali yetkazib berish va yana bir eng dolzarb agrotexnik tadbirlardan biri bo‘lgan g‘alla maydonlarini suspenziya orqali bargidan oziqlantirish hamda zang kasalligiga qarshi fungitsid, begona o‘tlarga gerbitsid va biostimulyatorlarni to‘rtlik aralashma usulda sepish ishlari viloyatning barcha tumanlarida keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.
Ushbu tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi “O‘zagroinspeksiya”ning Andijon viloyati boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan nazoratga olingan.
Bundan tashqari, g‘alla maydonlariga to‘rtlik aralashmalarni belgilangan grafik asosida, maqbul ob-havo sharoitida uyushqoqlik bilan sifatli o‘tkazish uchun 355 ta purkagichlar jalb qilingan bo‘lib, bulardan 269 donasi OVX purkagichlar va 86 ta shtangali purkagichlardir.
Viloyatda mavjud g‘alla maydonlari mavsum boshidan buyon ikki marotaba suspenziya orqali bargidan oziqlantirildi. Bu esa o‘z navbatida g‘alladan qo‘shimcha yuqori hosil olish uchun zamin yaratiladi.
Xususan yaʼna bir maʼlumot o‘rnida, erta bahorda g‘alla maydonlari mineral o‘g‘itlar bin bargidan oziqlantirilsa, ekinning rivojlanish jarayonini yana-da tezlashtiradi, barglarining sathi qalinlashib, kasallik va zararkunandalarga chidamliligi oshishi barobarida fotosintez jarayoni yaxshilanadi, shu bilan birga o‘simlikning o‘sib rivojlanishi jadallashishiga olib keladi.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida, viloyatning Andijon, Asaka, Buloqboshi, Izboskan va Xo‘jaobod tumanlarida parvarish qilinayotgan g‘alla maydonlari kasallik va zararkunandalarga qarshi kimyoviy ishlov berish ishlari to‘liq yakunlanganligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, viloyatda parvarish qilinayotgan g‘alla maydonlarida amalga oshirilayotgan har bir agrotexnik tadbir “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan doimiy nazoratga olinib, aniqlangan kamchliklarni joyida bartaraf qilish choralari ko‘rib kelinmoqda.
I.Isayev, "O‘zagroinspeksiya" Andijon viloyat boshqarmasi, Texnikalar holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish bo‘limi katta inspektori