Ру Ўз O`z En

Aprobatsiya o’tkazish jarayonlarida nazorat olib borilmoqda

18 May 2022 3136

Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish va sifatli mahsulot yetishtirishda asosiy drayveri urug‘chilik tarmog‘i hisoblanib, konditsiyali urug‘lar yetishtirishda aprobatsiya ko‘rigi muhim o‘rin tutadi.

Hozirgi kunda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hududiy organlarining, shuningdek tegishli tayyorlov hamda taʼminot tashkilotlarining, ilmiy muassasalaridan iborat tuman aprobatsiya komissiyalari ishtirokida aprobatsiya jarayoni boshlab yuborildi.

Ko‘pchilikda o‘rinli savollar tug‘iladi. Aprobatsiya so‘zining maʼnosi nima? nima sababdan urug‘lik maydonlarda komissiyalar tuzilib aprobatsiya dala ko‘rigi o‘tkaziladi? Mazkur jarayonlarni kimlar nazorat qiladi? Ushbu savollarga quyidagicha javob beriladi.

APROBATSIYA bu – (lotincha so‘zdan olingan bo‘lib Approbatio — tasdiqlash, maʼqullash maʼnosini anglatadi).

Arxiv manbalarga ko‘ra mamlakatimizda dala aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish ishlari o‘tgan asrning 1925 yilidan boshlangan.

DALA APROBATSIYASI – dala ekinlari aprobatsiyasi o‘simliklarning genetik (nav) jihatdan sofligini, zararkunandalar bilan zararlangan-zararlanmaganligini, kasalliklarga chalingan-chalinmaganligini va ekish uchun mo‘ljallangan urug‘liklarning umumiy holatini aniqlash uchun dalada o‘tkaziladigan tekshiruv.

Nima uchun aprobatsiya ko‘rigi o‘tkaziladi ?

Respublikada qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiruvchi subyektlarni ekishga tavsiya etilgan, rayonlashgan va istiqbolli navlarning genetik sof, sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan urug‘liklari bilan taʼminlash maqsadida, urug‘lik olish parvarishlangan maydonlarda har yili ekin turiga qarab belgilangan muddatlarda aprobatsiya ko‘rigi o‘tkaziladi.

Aprobatsiya ko‘rigini kimlar va qayerda o‘tkazadi ?

Mamlakatimizda aprobatsiya o‘tkazish (paxta, g‘alla maydonlarni) jarayoni davlat tadbiriga kiradi. Sababi aprobatsiyani o‘tkazish uchun hududlarda 150 dan ortiq komissiyalar tuzilib mazkur komissiyalarga 500 ga yaqin tegishli tayyorlov, taʼminot tashkilotlari va ilmiy muassasalarning mutaxassislari jalb qilinadi va ushbu komissiyalari tomonidan  15-20 kun davomida 3500-4000 dan ortiq urug‘lik yetishtirish huquqiga ega bo‘lgan urug‘chilik subyektlari, elita urug‘chilik xo‘jaliklari va ilmiy muassasalarning urug‘lik uchun ajratilgan maydonlari, don omborxonalarida (makkajo‘xori so‘talari ombor aprobatsiyasi) kuzatish yoki tanlab kuzatish orqali aprobatsiya materiallari, namunalar olinib tahlil qilinadi va tegishli hujjatlar rasmiylashtiriladi.

Aprobatsiyaning maqsadi nima ?

Dala aprobatsiyasining asosiy maqsadi, kelgusi yil hosili uchun mo‘ljallangan urug‘liklarni ekish uchun foydalanish mumkinligini aniqlashdan iboratdir.

Bunda urug‘chilik subyektlarning urug‘lik maydonlarida ekinlarning navdorlik va boshqa sifatlarini saqlab qolishda qilinayotgan ishlariga baho beriladi.

Aprobatsiyani kimlar nazorat qiladi?

O‘zbekiston Respublikasining “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi 641-sonli qarorining 3-ilovasi bilan tasdiqlangan “Urug‘lik uchun ekilgan maydonlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini aprobatsiya qilish tartibi to‘g‘risida” Nizomiga asosan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi.

Xususan respublikada 2022 yil hosilidan jami 126 ta tumanda 3 208 ta fermer xo‘jaliklari, elita urug‘lik xo‘jaliklari, ilmiy tadqiqot institutlari va klaster korxonalari tomonidan, 89,7 ming gektar  urug‘lik g‘alla maydonlarni tashkil qilib ushbu maydonlardan g‘allaning 50 dan ortiq navidan jami 280 ming tonnaga yaqin sifatli sara urug‘lik don tayyorlash belgilangan.

Shu sababli joylarda tuzilgan aprobatsiya komissiyalari tomonidan respublikamizda kelgusi 2023 yil g‘alla hosili uchun serhosil, navdorlik sifat ko‘rsatkichlari davlat standartlariga to‘liq javob beradigan urug‘lik don jamg‘arish maqsadida, Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlarining jami 141 ta inspektorlari tomonidan yuqorida qayd etilgan Nizom talablari asosida aprobatsiyani ko‘rigini o‘tkazilishi, navga xos bo‘lmagan aralashmalari va begona o‘tlar mavjud maydonlarni urug‘likdan chiqarish va yaroqsiz deb topish bo‘yicha nazorat tadbirlari boshlab yuborildi.

Bundan tashqari, tumanlarga biriktirilgan inspektorlar tomonidan, “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga asosan urug‘lik don qabul qiluvchi “O‘zdonmahsulot” AK tizimidagi 34 ta don korxonalar ularga qarashli 73 ta maskanlar va 65 ta urug‘lik sexlar, 51 ta elita urug‘chilik xo‘jaliklari klaster korxonalarning masʼul va javobgar shaxslari tomonidan joriy yilda urug‘lik materiallarini qabul qilish, joylashtirishda standartlar talabiga amal qilinishi hamda aprobatsiya komissiya aʼzolari aprobatsiya jarayonini Nizomda belgilangan talablar asosida o‘tkazish bo‘yicha ogohlantirish xatlari berildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, respublikamizda bugungi kunda, amalga oshirilayotgan bu tadbirlar natijasida 2023 yil g‘alla hosili uchun navdorlik sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, serhosil g‘alla navlaridan urug‘lik don jamg‘arilishda Inspeksiyaning Don ekinlari urug‘lari yetishtirilishni nazorat qilish bo‘limi hamda viloyat boshqarma, tuman hududiy bo‘limlari tomonidan tegishli choralar belgilanib, nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

ShXayitov, "O‘zagroinspeksiyaning Don ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘lim boshlig‘i

Text to speech