Ру Ўз O`z En

Asalarichilik xo‘jaligiga debitorlik qarzlari undirib berildi

23 Iyun 2020 3506

Mamlakatimizda asalarichilik qishloq xo‘jaligining tobora taraqqiy etib borayotgan muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Prezidentimizning 2017 yil 16 oktabrdagi “Respublikamizda asalarichilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohani rivojlantirishning yangi imkoniyatlarini ochib berdi.

Ma’lumki, asalarichilik tarmog‘ini rivojlantirishda naslli asalarilarning ko‘paytirishning ahamiyati juda katta. Navoiy viloyatida ham bu borada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda hududda  900 dan ziyod asalarichilik xo‘jaliklari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularda 54 mingta asalari oilasi boqilmoqda. Ahamiyatlisi, “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi xodimlari mazkur xo‘jaliklar faoliyatini nazorat qilib borib, o‘rni kelganda ularga muammolarini hal etishda yaqindan ko‘mak berishmoqda.

Xususan, Navoiy shahridagi “Akmal Shifo Asali” naslchilik fermer xo‘jaligida bugungi kunga kelib 400 qutidan ortiq asalari parvarishlanmoqda. E’tiroflisi, bu yerda karpat zotli naslli asalarilar ko‘paytirilib, yuqori hosil olishga erishilgan. Fermer xo‘jaligi Ukraina davlatining Zakarpatiya viloyatidan “Karpat” zotli ona asalarilardan keltirib, naslli asalarilarni ko‘paytirish ishlarini olib bordi, natijada qo‘shni viloyat asalarichilarini ham huddi shu mahsuldor zotli asalari bilan ta’minlab kelmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi tomonidan fermer va dehqon xo‘jaliklarining, shuningdek, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash sohasidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning sohadagi tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama huquqiy qo‘llab-quvvatlash va ularning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlari mazkur asalarichilik xo‘jaligi uchun ham muammoni hal etishda qo‘l keldi.

Joriy yilning may oyida “O‘zagroinspesiya” viloyat boshqarmasiga “Akmal Shifo Asali” naslchilik fermer xo‘jaligi  raisi Sherzod Temirov Karmana va Xatirchi tumanlarida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilgan asalari oilasi to‘lovidan vujudga kelgan 54 million 620 ming so‘mlik debitorlik qarzini undirib berishni so‘rab yozma murojaat etgan.

Ushbu murojaat inspeksiya xodimlari tomonidan o‘rganilib, “Akmal Shifo Asali” naslchilik fermer xo‘jaligiga debitorlik qarzi undirib berilishida amaliy yordam berildi.

Bundan tashqari, Navoiy viloyat asalarichilar assotsiatsiyasining joriy yilning may oyida “Akmal Shifo Asali” fermer xo‘jaligining naslchilik ishlarini me’yorida olib borishi, gulchangbop va nektarbop o‘simliklar ekishi uchun 10 gektar yerga ehtiyoji borligi va bu bo‘yicha xo‘jalikka amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab inspeksiyaga qilgan murojaati ham e’tibordan chetda qolmadi.

Inspeksiyani chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish inspektorlari tomonidan bu masala bo‘yicha Qiziltepa tuman hokimligiga murojaat qilib, asalarichilik xo‘jaligiga yuqorida tilga olingan masalalarni hal etishda tumanda mavjud zahira yer maydonlaridan 2154, 2165, 1731, 1732q, 51, 51q va 52- konturlar taklif etildi. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur masala ham murojaatchi foydasiga  ijobiy  hal etilishiga erishildi.

“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi

 

Text to speech