Ру Ўз O`z En

BIOLOGIK USUL- SIFАTLI HOSILDORLIK GАROVI

13 Avgust 2020 5803

Maʼlumki, keyingi yillarda qishloq xoʼjaligi ekinlarini zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishda biologik usulning ahamiyati ortmoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu usul tabiatdagi kushandalardan unumli foydalanish (qirib yubormaslik, ekinlar orasiga entomofaglarni jalb qiluvchi oʼsimliklar ekish), entomofaglarni (trixogramma, brakon va oltinkoʼz) biolaboratoriyalarda koʼpaytirib, dalaga mavsumiy chiqarish hamda mikroorganizmlar asosida yaratilgan biopreparatlar qoʼllashga asoslangan. Bugungi kunda Navoiy viloyatida 12 ta ana shunday biolaboratoriya faoliyat koʼrsatmoqda. Joriy yilda zararkunandalarga qarshi biologik usul bilan kurash uchun 163 kilogramm trixogramma, 72 million dona brakon va 160 million dona oltinkoʼz ishlab chiqarish rejalashtirilib, fermer xoʼjaliklari paxta va gʼalla maydonlariga yetkazib berilmoqda.

Hozirgi kunda biolaboratoriyalar tomonidan zararkunandalarga qarshi asosan uch turdagi biomahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Jumladan, oltinkoʼz- shira, oʼrgimchakkana, komstok qurti, qandalalar, koʼsak qurti tuxumi, 70 dan ortiq boʼgʼimoyoqlilar va kichik yoshli qurtlar bilan oziqlanadi. Hozirgi paytda zararkunandalarga qarshi biolaboratoriyalar tomonidan oltinkoʼz asosan tuxum holatda tarqatib kelinmoqda. Lichinkasi bir kunda 100 tagacha zararkunandani yoʼq qiladi. Trixogramma- makkajoʼxori parvonasi, karam kapalaklariga, koʼsak qurti va boshqa bir qancha tunlamlarga qarshi qoʼllaniladi. Bu entomofag koʼsak qurtini tuxumiga qarshi bir gektariga 1 gramm normada tarqatiladi. Brakon-koʼsak qurtining oʼrta va katta yoshli qurtlariga qarshi qoʼllaniladi. Zararkunandalar zichligidan kelib chiqib, dalaga 1000 dona uchadigan yetuk zotli brakon qoʼyiladi.

Qishloq xoʼjaligi ekinlari hosilini zararkunanda, kasallik va begona oʼtlardan himoya qilishda kimyoviy kurash usulidan foydalanish ham bor. Аmmo turli kimyoviy vositalarning gʼoʼza va boshqa qishloq xoʼjalik ekinlari maydonlariga ishlatilishi tufayli tevarak-atrofga katta ekologik zarar yetkaziladi, shu bilan birga atrof-muhit, suv va suv havzalarining ifloslanishi, tabiatdagi foydali hasharotlarning qirilib ketishi, biologik muvozanatning buzilishi sodir boʼladi. Biofabrika va biolaboratoriyalarda koʼpaytirilayotgan biomahsulotlar qishloq xoʼjaligi ekinlari zararkunandalariga qarshi biologik usulni keng maydonlarda qoʼllash imkoniyatini yaratmoqda. Biomahsulot sifatli boʼlsa hamda dalaga tarqatish qoidalariga rioya qilinsa, koʼzlangan natijaga erishiladi.

- Respublikamizda hasharotlarga qarshi kurashda asosiy eʼtibor biologik usulga qaratilayotgani bejizga emas, - deydi Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya boʼlimi bosh inspektori Ulugʼbek Yusupov. - Biolaboratoriyalarda yuqori sifatli biomahsulotlar ishlab chiqarish yoʼlga qoʼyilib,texnologik jarayonlarga eʼtibor kuchaytirilgan. Shuningdek, biomahsulotlar yetishtirish xonalari talab etiladigan harorat, namlik, yorugʼlik bilan taʼminlanishi, sifatli ozuqa tayyorlash uchun ishlatiladigan maxsus asbob-uskunalar va boshqalar bilan jihozlangan boʼlishi lozim. Аna shundagina sifatli biomahsulot koʼpaytirishga va uning natijasi ham samarali boʼlishiga erishiladi.

Karmana tumani “Zarafshon paxtaservis” masʼuliyati cheklangan jamiyati biolaboratoriyasida bugungi kunda 10 nafar xodim mehnat qiladi. Bu yerda joriy yil 16,4 million dona oltinkoʼz, 18 kilogramm trixogramma va 7,6 million dona brakon yetishtirish rejalashtirilgan. Biolaboratoriya mudiri Dilfuza Sharipovaning taʼkidlashicha, dalaga biologik usul tadbirlarini qoʼllash kimyoviy oʼgʼitlashga nisbatan ancha foydali va samarali. Аmmo biomahsulot yetishtirishning ham oʼziga yarasha mashaqqatli tomonlari bor.

- Xonadagi harorat talab darajasida boʼlmasa biomahsulotlar sifatiga salbiy taʼsir qiladi,- deydi D. Sharipova. – Masalan, oltinkoʼz yetishtirish xonasidagi harorat 22-25 gradusdan oshmasligi kerak. Аgar juda issiq boʼlsa, “erkak”oltinkoʼz soni ortib, urugʼ koʼpayishi kamayib ketadi. Tozalikka rioya etish, ozuqa zaxirasini yaratish ham alohida ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib biolaboratoriyamiz 15 tonna arpa, 494 kilogramm shakar, 61 kilogramm merva (asalari uyasi), 53 kilogramm margarin bilan taʼminlangan. Hozirda tumandagi 55 ta fermer bilan shartnoma tuzganmiz. Ularga kerakli miqdordagi biomahsulotlar yetkazib berilib, xodimlarimiz tomonidan belgilangan meʼyor asosida dalalarga tarqatilmoqda.

Maʼlumot oʼrnida qayd etish lozim, joriy yil viloyat boʼyicha biolaboratoriyalar 146 tonna arpa, 4 ming 721 kilogramm shakar, 576 kilogramm merva, 504 kilogramm margarin ozuqa mahsulotlari va 10 tonna koʼmir zaxirasi bilan taʼminlagan.

Biolaboratoriyalarda amalga oshirilgan ishlar bilan birgalikda ayrim kamchiliklarga yoʼl qoʼyilgani ham bor haqiqat. Xususan, Inspektsiyaning viloyat boshqarmasi tomonidan Qiziltepa va Navbahor tumanlari qishloq xoʼjalik ekinlari zararkunandalariga qarshi biologik kurashish maqsadida faoliyat olib borayotgan biolaboratoriyalar faoliyati oʼrganib chiqildi.

- Oʼrganish davomida yana bir nechta kamchiliklarga duch kelindi, - deydi bosh inspektor U. Yusupov. - Biomahsulotlarni ishlab chiqarishda hamda trixogramma entomofagini oʼlchab, fermer xoʼjaliklari dalasiga tarqatishda foydalaniladigan oʼlchov vositalari VLKT-600 laboratoriya elektron tarozisi va 6 ta laboratoriya xonalari haroratini koʼrsatuvchi VIT-2 gigrometrik psixrometrlar davlat metrologiya tekshiruvidan oʼtkazilmagan hamda sertifikatlari mavjud emas. Shu bilan birga, biolaboratoriyalarda maʼmuriy huquqbuzarlikka doir qonunlar ijrosi yetarlicha taʼminlanmagan. Oʼlchov vositalarini oʼz vaqtida metrologiya tekshiruvidan oʼtkazilishiga beparvolik bilan qaralib, maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilishiga yoʼl qoʼyilgan.

Аniqlangan kamchiliklar yuzasidan biolaboratoriya masʼul xodimlariga nisbatan, belgilangan tartibda maʼmuriy choralar koʼrilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan biolaboratoriyalar boshliqlariga taqdimnomalar kiritilishi taʼminlandi.

Inspektsiyaning viloyat boshqarmasi inspektorlari tomonidan biomahsulotlar sifati va undan samarali natijaga erishish qoidalariga amal qilish boʼyicha muntazam nazorat tadbirlari olib borilmoqda. Eng muhimi, bugungi kunda fermerlar tomonidan biomahsulotlarga va biologik usulda zararkunandalarga qarshi kurashishga qiziqish yanada ortgan. Bu esa gʼoʼza va boshqa qishloq xoʼjaligi ekinlari maydonlarini zararli hashoratlardan sifatli himoya qilib, kelgusida moʼl hosil olishga zamin yaratishi bilan ahamiyatlidir.

“Oʼzagroinspektsiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati

Text to speech