Buxoro viloyatida 2021 yil don hosili o‘rim-yig‘imi davrida jami 192 dona yuqori unumli g‘alla o‘rish kombaynlarining qatnashishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 155 dona “Keys” rusumli va 37 dona “Klaas Dominator-130” rusumli kombaynlarni tashkil etadi.
Ushbu kombaynlar mavsum oldidan 11 ta taʼmirlash maskanlariga yig‘ilib, texnik jihatdan soz holga keltirildi. Taʼmirlash maskanlariga kiritilgan kombaynlar tegishli mutaxassislar yordamida xatlovdan o‘tkazildi. xatlovdan o‘tkazish jarayonida aniqlangan nosozliklar “O‘z Keysservis”, “O‘z Klaasservis” qo‘shma korxonalari va tuman “Agroservis MTP” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarining injener xodimlari tomonidan taʼmirlash hamda servis xizmatlari ko‘rsatish ishlari olib borildi.
Xatlov jarayonida 6 mlr. 646 mln. so‘mlik ehtiyot qismlarga ehtiyoj aniqlanib, qisqa vaqt ichida mablag‘lar chiqarilib, zaruriy ehtiyot qismlar bilan taʼminlandi.
Taʼmirlash ishlarini sifatli bajarilishi va qo‘lbola ehtiyot qismlardan foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida “O‘zagroinspeksiya” Buxoro viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan kunlik nazorat o‘rnatilib, doimiy monitoring tadbirlari olib borildi.
Viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh kombaynlarni sertifikatlar asosida qabuldan o‘tkazib, har bir operator haydovchilarga tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi bo‘yicha kerakli ko‘rsatmalar berildi.
Hozirgi kunda 192 ta g‘alla o‘rish kombaynlari to‘liq taʼmirdan chiqarilib, mavsumga shay holatda keltirildi. Shu bilan bir qatorda, 192 ta o‘rim yig‘im otryadlari tashkil etilib, ularga 960 ta don tashuvchi avtomashinalar, 44 ta ko‘chma taʼmirlash ustaxonalari va 44 dona yoqilg‘i tashuvchi moslamalar biriktirildi.
Shuhrat Ilyosov, “O‘zagroinspeksiya”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bosh inspektori