Buxoro viloyatining Jondor tumanida qiymati qariyb 520 ming АQSh dollariga teng boʼlgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan “Yakkatut” don ishlab chiqarish MChJga qarashli “Guliston urugʼlik don ishlab-chiqarish” klasteri ish boshladi.
Hozirda, jamiyat 65 ta fermer xoʼjaliklari oʼrtasida tuzilgan shartnomaga asosan qariyb 6 ming tonnadan ortiq urugʼlik don qabul qildi.
Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan urugʼlik sexida ayni paytda 2021 yil hosili uchun “Grom” navli elita avlodli urugʼlik bugʼdoydan 850,5 tonna, “Pervitsa” navli super elita avlodli urugʼlik bugʼdoydan 200,6 tonna, “Pervitsa” navli elita avlodli urugʼlik bugʼdoydan 476,2 tonna, “Pervitsa” navli R-I avlodli urugʼlik bugʼdoydan 1053,4 tonna, “Аsr” navli elita avlodli urugʼlik bugʼdoydan 130,9 tonna, “Аleksevich” navli R-I avlodli urugʼlik bugʼdoydan 868,9 tonna, “Аntonina” navli R-I avlodli urugʼlik bugʼdoydan 1183,3 tonna va “Grom” navli R-I avlodli urugʼlik bugʼdoydan 2144,8 tonna sara urugʼlik don tayyorlanmoqda.
Urugʼlik sexi sutkasiga 240 tonna urugʼlik donni tozalash, saralash, dorilash va qadoqlash quvvatiga ega. Shuningdek, gʼallachilikdagi ulkan muvaffaqiyatlarga erishish maqsadida 2021 yil hosili uchun qabul qilingan urugʼlik donni begona oʼtlardan va iflos aralashmalardan tozalash jarayonida 2 dona separator, donlarning oʼlchami hamda begona urugʼlardan ajratish uchun 2 dona trieer apparatlari bilan jihozlangan uskunalar asosida urugʼlik don tayyorlanmoqda.
Urugʼlik donni dorilashda “Davlat kimyo komissiyasi” tomonidan tavsiya etilgan preparatlardan foydalanish, urugʼlik donlarni nav va avlodlarni sifatli saqlash, tashish va qadoqlash texnologiyasi davlat standartlari talablari asosida tayyorlanishi “Oʼzagroinspektsiya”ning viloyat boshqarmasi inspektorlari tomonidan nazoratga olinib, zarur hollarda amaliy koʼmak berilyapti. Jamiyatda urugʼlik donlarga ishlov berishda asosan chang va qattiq qorakuya kasalligiga qarshi Deltebu 0,40-0,50 litr tonna hamda Gerkules 0,40-0,50 litr tonna miqdorida kimyoviy preparatlari qoʼllanilyapti.
Inspektorlar tomonidan 2021 yil gʼalla hosili uchun qabul qilingan urugʼlik gʼallani nav va avlodlar boʼyicha alohida-alohida joylashtirilishi, shuningdek, tozalash, saralash va dorilash ishlarida hamda tayyorlangan urugʼlik donni davlat standartlari asosida tagliklarga joylashtirilishi, yopiq sigʼimlar va quruq joylarda saqlanishi yuzasidan mutaxassislarga zaruriy koʼrsatma va tegishli tavsiyalar berilmoqda.
“Oʼzagroinspektsiya”ning Buxoro viloyat boshqarmasi matbuot xizmati