Samarqand viloyatida 2025-yil hosili uchun 60 ming gektar maydonda chigit ekish ishlari to‘liq yakunlandi. Mazkur maydonlarga jami 2 ming 126 tonna urug‘lik chigit sarflanib, shundan 1 ming 343 tonnasi tukli, 783 tonnasi tuksiz chigit hisoblanadi.
Shuningdek, yuqori samarador intensiv agrotexnologiya asosida viloyatda 10 ming 713 gektar maydonga chigit ekilgan bo‘lib, shundan 9 ming 340 gektar xorijiy va 1 ming 373 gektari mahalliy g‘o‘za navlarining urug‘lik chigitlarini tashkil etadi.
Ayni kunlarda chigit ekilgan maydonlarning 48 ming 910 gektarida (81,5%) nihollar unib chiqqan. Ushbu maydonlarda qator orasiga birinchi ishlov berish tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan, chigit ekish ishlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi yuzasidan 796 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilib, ushbu nazorat tadbirlari davomida 1768 ta fermer xo‘jaliklarining 3135 gektar maydonlarida kamchiliklar aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan mahalliy hokimliklarga va soha mas’ullariga 3 ta taqdimnoma va 8 ta yozma ko‘rsatmalar kiritilib, fermer xo‘jaliklariga 785 ta ogohlantirish xatlari berildi.
Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan, mavsum davomida chigit ekilgan maydonlarda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi doimiy nazoratga olib boriladi.
Sh.BUTUNOV,
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi
Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat
qilish bo‘yicha bosh mutaxassisi