Ру Ўз O`z En

“Chorva qishlovini namunali oʼtkazish” davrida amalga oshiriladigan muhim vazifalar

10 Noyabr 2020 3272

Bugungi kunda, Respublikamizdagi mavjud 6 ming 463 tadan ortiq subʼeklarda 12 mln. 750 ming bosh qoramollar, shundan 4 mln. 574 ming bosh sigirlar qishlov davrida parvarish qilinmoqda.

Qishlov davrini betalofat oʼtkazilishida, quyidagi zootexnikaviy tadbirlarni inspektorlar va chorvador mutaxassislar tomonidan oʼz vaqtida sifatli va samarali tashkil etish hamda uni nazoratini amalga oshirish talab etiladi.

Sirgirlar guruhida

Poda tarkibidagi sigirlarni har biri alohida nazoratga olinadi:

bunda, asosiy eʼtibor sigirlarni sut mahsuldorligi ularni toʼla qiymatli oziqlantirish, asrash sharoitlari, sogʼish ishlarini tashkil etish va boshqa texnologik jarayonlarga rioya qilish;

oziqlantirish ratsionini tuzishdan oldin sigirlarni tirik vazni, mahsuldorligi, fiziologik holatini va havo haroratini, kunning sovuq kelishini hisobga olib meʼyor asosida qoʼshimcha oziqlantirishni tashkil etish;

sigirlarni oziqlantirishda tirik vazni 500-550 kg boʼlganda bir sutkada oʼrtacha 3,8-4 % yogʼlilikda kuniga 13 kg, sut beradigan sigirlarga 14,6-15,0 ozuqa birligi,

20 kg, sut beradigan sigirga 18,5-19,0 ozuka birligi yoki 25 kg sut beradigan sigirga 22,5-23 ozuqa birligida oziqlantirish talab etiladi;

yangi tuqqan sigirlarga dastlabki 7-10 kunida sigirlarning ishtahasi va yelinining fiziologik holatiga qarab yuqori sifatli beda pichanini ortigʼi bilan va 1,0-1,5 kg kontsentrat ozuqa berish zarur;

sersut qilish boʼyicha oziqlantirish tadbirlarini 10 kundan keyin amalga oshirish va ularni laktatsiyasning birinchi 100 kuni davomida oʼtkazish muhim hisoblanadi;

shirali ozuqalar berishni 5-6 kundan boshlash va 10 kundan keyin toʼliq ratsionga kiritish tavsiya etiladi;

sigirlarni sersutligini oshirish alohida yaratish maydonchalarida amalga oshiriladi;

kunlik sut miqdoriga qarab “avans” darajasidagi oziqlantirish har kuni, har 15 kunda nazorat sogʼimini oʼtkazish;

sigirlarni sogʼishga toʼgʼri tayyorlash, sigirlarni yelinini massaj qilish va sogʼish texnikasiga rioya etish bu tadbirning asosiy shartlari ekanligini har bir chorvador, mutaxassis unutmaslik kerak;

sigirlarni sersutliligini oshirishda ularga toʼyimli shirali (lavlagi, makkajoʼxori silosi) va dagʼal (beda pichani, oʼt uni) beda senaji, protein, qand moddalariga va kaltsiy, fosforlarga boy boʼlgan ozuqalarni berish, sogʼin sigirlarga 1 kg ishlab chiqargan suti hisobga 300-350 g. kontsentrat ozuqa berish tavsiya etiladi;

ozuqalarni tayyorlash ularni sigirlarga tarqatish ishlariga alohida eʼtibor berish kerak;

oziqlanirish ishlarida yem xashaklarni qirqib maydalab, aralashma holida tayyorlab, mollarga berish tavsiya etiladi;

bu davrda silos yoki senaj transheyalaridagi ozuqalar meʼyor darajadagi haroratda boʼladi, ularni xandaqlaridan olib ozuqalarni tezda mollarga tayyorlash va tarqatish jarayonlari buzilsa, ozuqalar muzlaydi natijadi sifati buziladi, mollar yaxshi isteʼmol qila olmaydi;

naslchilik ishini toʼgʼri yoʼlga qoʼyish uchun birlamchi zootexnikaviy hisob-kitob ishlarini olib borishni tashkil etish;

buning uchun sogʼin sigirlarda har oyda kamida 2 marta nazorat sogʼimi oʼtkazish sut-4 shaklidagi dalolatnomalarni toʼldirib, har oy yakuni boʼyicha sut-2 shaklini yuritib, kuyga kelgan sigirlarni oʼz muddatlarida sunʼiy urugʼlantirish selektsiya-naslchilik ishlarining samaradorligini oshirishga erishish;

Ushbu davrda sigirlarni asrash sharoitlariga asosiy eʼtibor berilishi talab etiladi;

odatda mollar +18 +20 gradus darajada oʼzini yaxshi his qiladi;

shuning uchun qoramollarni past temperatura taʼsiridan, yelvizak, havodagi namlikning yuqori boʼlishidan himoyalash zarur;

molarni sovuq binolarda saqlash hayvon tanasini isitishga kerakli yem-xashakni meʼyoridan ortiqcha sarf boʼlishiga olib keladi va bu ularning mahsuldorligiga ham salbiy taʼsir koʼrsatadi;

barcha turdagi qoramollarni yaxshi shamollatib turadigan binolarda parvarishlash maqsadga muvofiq hisoblanadi;

qishning sovuq ayozli kunlari kechasi mollar bino ichkarisida kunduz kunlari yayratish maydonchalarida asrash va bino ichiga qalin toʼshama solib, keng yorugʼ binolarda saqlash tavsiya etiladi.

Buzoqlar guruhida (6 oylikgacha boʼlgan)

Buzoqlarni asrash parvarishlash, oziqlantirish kabi texnologik usullarga rioya qilish kelgusida podani qayta toʼldirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Bunda:

oziqlantirish ratsioni maxsus tasvir asosida bajariladi va 3 oygacha buzoqlarning oʼrtacha kunlik ozuqa sarfi 2,8-3,0 ozuqa birligini tashkil etishi maqsadga muvofiq hisoblanadi;

birinchi 4-5 kun davomida oʼz onalari bilan toza va quruq xonalarda birga saqlab, mumkin qadar sof va kuchli ogʼiz sutiga toʼydirish kerak;

boshqa ozuqalarga tugʼilgandan 15-20 kunligida pichanga, bir oyligida kontsentratga, 2 oyligidan silosga asta sekin oʼrgatiladi;

buzoqlarga sut ichish davrida sigirlardan sogʼib olingan sutni buzoqlarga

+37 +38 S haroratda berish maqsadga muvofiq hisoblanadi, bunda sut ichish davrida 350 kg. qaymogʼi olinmagan sut, 450 kg. qaymogʼi olingan sut, 20 kg. omuxta yem, 30 kg. lavlagi berish tavsiya etiladi;

chetdan keltirilgan yoki oʼzimizda yetishtirilgan irsiy salohiyati yuqori mahsuldor mollardan tugʼilgan buzoqlarga xoʼjaliqda sunʼiy sut oʼrnini bosuvchi oziq komponentlari boʼlmasa kuniga 1 boshga oʼrtacha 6,0-6,5 kg. qaymogʼi olinmagan sutdan jami 600-650 kg. sut bilan oziqlantirish va boshqa ozuqa turlarini yuqorida koʼrsatilgan meʼyorlar boʼyicha oziqlantirish tavsiya etiladi;

buning natijasida ularning kunlik semirishi 850-950 gram. tashkil etib,

3-oyligiga borib ularning tirik vazni 120-150 kg. boʼlishiga erishiladi;

bu davrda buzoqlarga somon va boshqa dagʼal hashaklarini berib boqish umuman tavsiya etilmaydi;

3-6 oylik buzoqlarning ozuqa ratsionida kunlik ozuqa sarfi 3,5-3,8 ozuqa birligidan kam boʼlmagan holda oziqlantirish tavsiya etiladi;

bunda, bir kunda oʼrtacha 2,5 kg. beda pichani, 5,0 kg. silos, 2,0 kg. ildiz mevalar, 1,2 kg. kontsentrat ozuqalar bilan oziqlantiriladi va buzoqlarning kunlik oʼsishi yoki qoʼshimcha vazn olishi 750-800 grammni tashkil etadi;

buzoqlar 6-oyligida 185-200 kg. va undan yuqori vazn boʼlishi taʼminlanadi.

Naslchilik ishini yanada yaxshilash uchun podani toʼldirishga tanlangan buzoqlarga alohida eʼtibor berish kerak.

Bunda:

poda boʼyicha 15-20 % yuqori sut mahsuldorlikka ega boʼlgan va eng mahsuldorlik sifatlari boʼyicha ajralib turgan sigirlardan tugʼilgan buzoqlarni poda toʼldirish uchun tanlash va parvarish qilish;

buning uchun har bir bosh buzoqning umumiy rivojlanganligi, sogʼlomligi, kundalik qoʼshimcha vazn olishi yoki oʼsishi, alohida liniya va oilaga mansubligi hisobga olinadi;

buzoqlar tugʼilganidagi dastlabki kunidan tirik vaznini oʼlchab, birkalash va “Yirik shoxli mollarni tugʼilishi va oʼsishini qayd qilish jurnali”ga qayd qilish kerak;

kamida 2 oyda bir marta tarozida oʼlchab “Yosh mollarni tirik vaznini aniqlash” vedmostiga qayd qilib borish tavsiya etiladi;

buzoqlarni parvarishlash va asrash sharoitlarini tashkil etishda buzoqlar tugʼilganidan keyin onasidan ajratib olish, alohida uycha profilaktoriylarda parvarish talab qilinadi;

buzoqlar parvarish qilinadigan uychalarning veterinariya-sanitariya tozaligini taʼminlash, buzoqxonadagi oʼrtacha harorat +15 +20 S boʼlishini taʼminlash, suvni ilitib berish va bu davrda buzoqlarni faqatgana buzoqhonalarda saqlash tavsiya etiladi.

Gʼunajinlar guruhida

Gʼunajinlarni tirik vazni sigirlarning tirik vaznining 70 % boʼlishiga erishilganda ularni urugʼlantirib sogʼlom avlod olishni taʼminlash talab etiladi.

Gʼunajinlarni 18-22 oyligida oziklantirish kunlik ratsionda 7,0-7,5, ozuka birligidan kam bulmasligi, buning uchun ratsionda bir kunda oʼrtacha 3,0 kg pichan,11 kg silos, 4,5 kg senaj, 2,0 kg somon, 1,5 kg kontsentrat ozuqalar berib oziqlantirish talab etiladi;

22-26 oyligida yaʼni boʼgʼozlik davrining II-yarmida esa 8,0-8,5 ozuqa birligidan kam bulmasligi tavsiya etiladi;

Buning uchun kunlik ratsionda oʼrtacha 3,0 kg. pichan, 10 kg. silos, 7 kg. senaj, 2,0 kg. somon 2 kg. kontsetrat ozuqalar berib oziqlantirish talab etiladi.

Selektsiya-naslchilik ishlariga alohida ahamiyat berilishi zarur, chunki kelajakda olinadigan avlodning bu davrda zootexnikaviy tadbirlarini qanday oʼtkazilishiga bogʼliq boʼladi.

birlamchi zootexnikaviy hujjatlarini toʼgʼri yuritib podadagi har bir gʼunajinni oʼsish, rivojlanishini va uning fiziologik holatini jurnallarga qayd qilib borish kerak.

Gʼunajinlarni tugʼishga toʼgʼri tayyorlash urugʼlantirilgan gʼunajinlar 2-3 oydan keyin rektal tekshirish va boʼgʼoz boʼlganlarni boshqa guruhlarga oʼtkazish.

Buning uchun ularni kelgusi laktatsiyasidagi sut mahsuldorligi va tirik vaznini hisobga olgan holda oziqlantirishni tashkil etish, ularning 5-6 oylik boʼgʼozligidan tugʼishiga qadar 20-30 kun qolguncha kuniga 2 marta 5 daqiqadan yelinini massaj qilishni tashkil ztib ularga jiddiy eʼtibor qaratishlari talab etiladi.

Bu davrda asrash sharoitlariga eʼtibor qaratish lozim molxonalar yelvizak boʼlmasligi, deraza va eshiklar mahkamlab yopiladigan boʼlishi shart.

Gʼunajinlar saqlanadigan bino ichidagi havo harorati +12 +14 S dan past boʼlmasin.

Mollar saqlanadigan binolar goʼngdan tozalangan, quruq toʼshama solingan boʼlishi tavsiya etiladi.

Gʼunajinlarni kechasi molxona binosi ichida kunduz kunlari usti yopiq bostirmalarda saqlash tavsiya etiladi.

 

D. Pirnazarov, Chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish boshqarmasi boshligʼi:

Text to speech