Ру Ўз O`z En

Chorvachilikni rivojlantirish Dasturida belgilangan vazifalar Inspeksiya nazoratiga olingan 

16 Aprel 2021 2223

Ko‘rilgan choralarga qaramay dunyo bozori va asosiy iqtisodiy hamkor mamlakatlarda kuzatilayotgan tendensiyalarga bog‘liq ravishda ichki bozorda ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi kuzatilmoqda.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar sharoitida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz va barqaror narxlarda taʼminlash, aholini samarali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mamlakat aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasining joriy yil 15 martdagi “Ichki isteʼmol bozorini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 135-sonli qarori hamda viloyat hokimining 18 martda 123-sonli qarori qabul qilindi.

Qarorga binoan ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini barqaror saqlash maqsadida import asosida keltiriladigan mahsulotlarning prognoz hajmlari belgilanib, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, ularni ichki bozorga tizimli yetkazib berish hamda narxlarni doimiy monitoring qilish va tezkor chora - tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha viloyat ishchi guruhi tasdiqlandi.

Viloyat ishchi guruhining asosiy vazifalari etib:

hududlar kesimida asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishini tahlil qilish;

oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari aholi ehtiyojiga nisbatan kam yetishtiriladigan hududlar zaxirasi uchun yetishmaydigan mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmi ehtiyojdan ortiqcha bo‘lgan hududlar hisobiga qoplash choralarini ko‘rish;

oziq-ovqat mahsulotlari ichki bozorga tizimli yetkazib berilishi hamda ularning narxlari oshib ketmasligi yuzasidan doimiy monitoringni amalga oshirish;

narxlar keskin oshishi bilan bog‘liq xavflar yuzaga kelganda ularning salbiy oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan takliflar kiritish;

oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha bozorlardagi talab va taklif muvozanati, kutilayotgan ijobiy va salbiy konyunktura o‘zgarishlari, ichki bozor uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni baholab borish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish belgilandi.

Shuningdek, Hukumatning mazkur qarori bilan “O‘zagroinspeksiyaga ham bir qator vazifalar yuklatilgan.

Jumladan, 2021 yil 1 aprelga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda faoliyat ko‘rsatayotgan chorvachilik xo‘jaliklaridagi mavjud qoramollar bosh soni va ularga ajratilgan yer maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish hamda chorvachilik uchun mo‘ljallangan yerlardan samarali foydalanish yuzasidan tahliliy maʼlumotlar tayyorlanib, Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilishi belgilandi.

Shu maqsadda, “O‘zagroinspeksiyaning Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i buyrug‘iga ko‘ra, 2021 yilda chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan dasturning har bir bandi bo‘yicha ijrosini joylarda tizimli ravishda tashkil etilishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish uchun ishchi guruhi tashkil etildi.

Joylarda chorvachilik xo‘jaliklaridagi mavjud qoramollar bosh soni va ularga ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish, sifatli sut va go‘sht mahsulotlari yetishtirish hamda chorvachilik dasturida belgilangan istiqbolli loyihalarning o‘z muddatida bajarilishini nazorat qilish hamda zaruriy ko‘rsatmalar va amaliy yordamlar berilishi ishchi guruhning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

Muxtasar qilib aytganda, chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, naslli qoramollar bosh sonini ko‘paytirish barobarida bozorlarda go‘sht va sut mahsulotlarning sifatli hamda mo‘l bo‘lishini taʼminlash bilan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlanishiga erishiladi.

Fozil RAJABOV, “O‘zagroinspeksiyaning Buxoro viloyati

boshqarmasi katta inspektori

Text to speech