Joriy yil 23 oktyabr kuni Prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari bog‘ va tok qator oralariga ekin ekish tadbirlariga alohida to‘xtalib, O‘zbekistonda 331 ming gektar bog‘ va 153 ming gektar tokzor bor. Ularda qator oralaridagi yerlarga piyoz, sarimsoq, sabzi, bahor oylarida yeryong‘oq, kartoshka, pomidor va bodring ekilsa, bozorlarimizga qo‘shimcha mahsulot, aholiga daromad bo‘lishi taʼkidlab ketilgan edi.
Demak, bugungi kunda mavjud yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va eksport hajmlarini yana-da oshirish, mahsulot yetishtiruvchilarning iqtisodiy va moliyaviy barqarorligini taʼminlash maqsadida “O‘zagroinspeksiya” tomonidan respublikada 2024-yil hosili uchun bog‘ va tok qator oralariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.
Joriy yilning noyabr-dekabr oylarida respublika bo‘yicha jami 356 ming 338 gektar bog‘ va tokzorlar, shundan 257 ming 880 gektari bog‘ va 98 ming 457 gektar tok qator oralariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
“O‘zagroinspeksiya”ning Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalardagi soha mutaxassislar tomonidan hududlardagi qishloq xo‘jaligi boshqarmalaridan olingan maʼlumotlarga ko‘ra joriy yilning 21-noyabr holatiga bir kunda 3 ming 719 gektar, mavsum boshidan buyon jami 339 ming 337 gektar yoki rejaga nisbatan 95,2 foiz bog‘ va tok qator oralariga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilganligi maʼlum bo‘ldi.
Shundan, bog‘ qator oralariga 244,1 ming gektar yoki 94,7 foiz (jumladan, 52,8 ming gektar piyoz, 11,4 ming gektar sarimsoqpiyoz, 30,5 ming gektar sabzi, 11,8 ming gektar lavlagi, 36,4 ming gektar ko‘kat, 8,9 ming gektar karam va 92,1 ming gektar boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari) ekilganligi hamda tok qator oralariga esa 95,1 ming gektar yoki 96,7 foiz maydonlarga (jumladan, 24,9 ming gektar piyoz, 4,2 ming gektar sarimsoqpiyoz, 12,5 ming gektar sabzi, 2,1 ming gektar lavlagi, 9,5 ming gektar ko‘kat, 2,4 ming gektar karam va 39,3 ming gektar rezavor ekinlar ekilganligi aniqlandi.
Hududlarda inspeksiyaning urug‘chilik sohasini nazorat qiluvchi mutaxassislar tomonidan tumanlardagi fermer xo‘jaliklar va qishloq xo‘jaligi korxonalarining mavjud bog‘ va tokzorlarining qator oralariga belgilab berilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilishi monitoring qilinganda, qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun ob-havoning qulay kelishi va barcha sharoitlar bo‘lishiga qaramasdan ekish ishlari qoniqarsiz tashkil etilgan xo‘jalik subyektlari ham aniqlandi.
Mazkur holat bo‘yicha bog‘ va tok qator orasiga qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish ishlariga kirishilmagan yoki sifatsiz o‘tkazilganligi yuzasidan 21-noyabr kuniga qadar inspeksiya mutaxassislari tomonidan 7 ming 333 ta xo‘jalik subyektlarida nazorat tadbirlari o‘tkazilib, tadbirlar davomida 6 ming 160 tasida qonunbuzarlik holatlari aniqlandi.
Aniqlangan qonunbuzarlik holatlarini bartaraf etish yuzasidan inspeksiya tomonidan 5 ming 722 ta ogohlantirish, 1 ming 419 ta yozma ko‘rsatmalar, 76 ta taqdimnomalar kiritilib, 35 ta holatda maʼmuriy qarorlar qabul qilinishi taʼminlandi.
M.Qurbonboyev, "O‘zagroinspeksiya" ning Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Z.Ismatov Boshqarma bosh mutaxassisi.