Ру Ўз O`z En

PAXTA-2024: mavsumda ilk bora 1700 ga yaqin paxta terish mashinalari ishtirok etishi kutilmoqda

16 Sentyabr 2024 2693

Joriy yil paxta yig‘im-terim ishlarida respublika bo‘yicha jami 1 690 dona, shundan 609 dona 2024-yilda yangi lizing asosida xarid qilinadigan paxta terish mashinalari qatnashishi rejalashtirilgan.

Jumladan, rusumlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, 215 dona CASE, 286 dona John Deere, 230 dona MX-1.8, 449 dona TZST CE220, 473 dona Boshiran va 37 dona boshqa rusumli paxta terish mashinalari tashkil etadi.

Paxta terish mashinalarining 1 423 donasi yoki 84 foizi yuqori unumli texnikalar hisoblanadi. Ayniqsa paxta maydoni mashina terimi uchun agrotexnik talablar darajasida to‘g‘ri tayyorlangan bo‘lsa, ushbu yangi avlod paxta terish mashinasining har birini ish unumdorligi kuniga 50 tonnagacha bo‘lib, 800-1000 nafar terimchi o‘rnini bosa oladi.

Bu yil ilk bora imtiyozli lizing shartlari asosida 600 dan ortiq yuqori unumli paxta terish mashinalarini joylardagi fermer xo‘jaliklari va klasterlarga yetkazib berilishi kutilmoqda.

Paxta terish mashinalari yordamida terimni yana-da qo‘llab quvvatlash maqsadida, Hukumatning 2024-yil 13-sentyabrdagi 574-sonli qarori bilan joriy yilda barcha hududlarda paxta terish mashinalari tomonidan terilgan har bir tonna paxta xomashyosini yig‘ib-terib olish xizmati bahosini 20 foizi, biroq 250 ming so‘mdan oshmagan qismi Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilangan.

Berilayotgan ushbu imtiyoz va imkoniyatlar natijasida, bugungi kunda respublikaning barcha hududlarida paxta terish mashinalari terimi boshlab yuborildi.

Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, mavsumda qatnashadigan mashinalarning asosiy qismi quyidagi hududlarga to‘g‘ri kelmoqda. Jumladan, 2024-yilda paxta hosili Jizzaxda 406 dona, Qashqadaryoda 281 dona, Sirdaryoda 201 dona, Toshkentda 184 dona va Namanganda 108 dona yuqori unumli paxta terish mashinalari orqali terib olinadi.

O‘zagroinspeksiya tomonidan joylarda paxta terish mashinalaridan samarali foydalanish bo‘yicha tushuntirish va ko‘rgazmali seminarlar tashkil etilmoqda.

"O‘zagroinspeksiya" Axborot xizmati

Text to speech