Avgust oyi g‘o‘za parvarishida muhim dolzarb palla hisoblanadi. Ayni dolzarb mavsumda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari mutaxassislari tomonidan g‘o‘za agrotexnik tadbirlarining kechiktirmasdan o‘tkazilishi nazoratga olingan.
Navoiy viloyati Navbahor tumani paxtachilikka ixtisoslashgan 182 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 6 ming 600 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda. Ayni kunlarda g‘o‘za qator oralarida kultivatsiya, sharbat bilan sug‘orish va chilpish (chikanka) kabi agrotexnik tadbirlar davom ettirilmoqda.
Jumladan, tuproq yetilishi bilan qator oralariga kultivatorni kechiktirmasdan kiritilishi o‘simlikning oziqlanish tizimi yaxshilanishi, ildiz chirish va gommoz kasalliklari bilan zararlanishining oldini oladi. Tuman bo‘yicha mavsumga 147 ta kultivatorlar jalb etilgan bo‘lib, mavsum boshidan buyon 8-9-marta g‘o‘za qator orasiga ishlov berildi.
Tumandagi g‘o‘za maydonlarga 3-4-marta suspenziya sepildi. Shu bilan birga, ikki marta to‘liq hamda uchinchi sug‘orish ishlari ham 5 ming 412 gektar yoki 82 foiz maydonda amalga oshirildi. Aytish joizki, bu kabi agrotexnik tadbirlarni kechiktirilmay, sifatli bajarilishida Inspeksiyaning tuman bo‘limi mutaxassislari olib borayotgan nazorat tadbirlarining ahamiyati katta bo‘lmoqda.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, hosil taqdiri hal bo‘ladigan ayni shu kunlarda g‘o‘za maydonlarining har gektariga 5 tonnadan mahalliy o‘g‘it chiqarilib, sharbat usulida sug‘orish tashkil etilsa, tuproqdagi mavjud mikroorganizmlar faoliyati jadallashib, mineral o‘g‘itlar samaradorligi 50 foizgacha oshadi. Ushbu jarayonning sifatli amalga oshishi hosildorlik cho‘g‘i baland bo‘lishida muhim rol o‘ynaydi.
G‘o‘za maydonlarida barcha agrotexnik tadbirlarni kechiktirmasdan o‘tkazish bo‘yicha mavsum boshidan buyon tumandagi mutaxassislar tomonidan 120 ta kamchiliklar aniqlangan. Ularni bartaraf etish yuzasidan tuman hokimliklariga 2 ta taqdimnoma, 186 nafar fermer xo‘jalik rahbarlariga ogohlantirish xatlari va 150 nafariga esa yozma ko‘rsatma kiritilgan.
A.Mansurov, Inspeksiyaning Navbahor tuman bo‘limi bosh mutaxassisi.