Respublika bo‘yicha joriy yilda o‘tkazilgan tender tanlovlarida g‘olib chiqqan 3220 nafar fermer xo‘jaliklarining 102 ming 749 gektar urug‘lik maydonlarida urug‘lik paxta yetishtirilib, parvarish qilinmoqda. Iqlim sharoitiga mos, serhosil Sulton, Buxoro-102, Buxoro-6, Buxoro-8, Buxoro-10, Porloq-4, Andijon-35, Andijon-36, Andijon-37, S-6524, S-8295, S-8286, S-8290, Namangan-34, Namangan-77, Beshqaxramon, Surxon-14, Termiz-202, Mehnat, Xorazm-150, Xorazm-127 va shu kabi bir qancha g‘o‘za navlarining yuqori avlodli urug‘liklarini olish rejalashtirilgan.
Shu jumladan, Buxoro viloyatida joriy yilning 5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan urug‘lik paxta maydonlarida aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv-seminarlariga Inspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy va Xorazm viloyatlar hududiy boshqarmalarining tegishli mutaxassislari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
O‘quv seminarining asosiy qismida Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev so‘zga chiqdi va 2022 yil urug‘lik paxta maydonlarida o‘tkaziladigan dala aprobatsiya ishlarini sifatli amalga oshirish masalalari xususida to‘xtaldi. Qayd etilganidek, joriy yilning 7 iyulida Davlatimiz rahbarining “Paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarni joriy qilishning qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan Prezidentimiz huzurida Paxtachilik Kengashi tashkil etildi.
Qarorda paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urug‘chilikni, nav tanlash, yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish orqali paxta-to‘qimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirish maqsadida Paxtachilik kengashiga vazifalar belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligini yana-da rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan boshlab hududlarni yuqori avlodli urug‘liklar yetishtirishga ixtisoslashtirish tizimi joriy etildi.
O‘quv-seminarida Inspeksiyaning Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i M.Kurbanbayev seminar yakunida urug‘lik maydonlarida dala aprobatsiyasini normativ-huquqiy hujjatlar talablari asosida nazorat qilib borilishi va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazilishi xususida to‘xtaldi.
Urug‘lik paxta xom-ashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i N.Ismailov Inspeksiya qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining genetik sofligi va urug‘lari sifati sohasidagi davlat siyosatining ijro qilinishi, urug‘chilik xo‘jaliklarini aniqlash, qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini joylashtirish, yangi navlarni rayonlashtirish va navdor urug‘lar tayyorlash ko‘rsatkichlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirilishi xususida to‘xtaldi.
Hududlarda o‘tkazilgan tanlovlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi 641-sonli qarorining 1-ilovasi Original, elita va keyingi avlodlarga mansub urug‘lik paxta yetishtirish huquqiga ega bo‘lish uchun xo‘jaliklar o‘rtasida tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga asosan amalga oshirildi.
M.Kurbanbayev, Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i
N.Ismailov, Urug‘lik paxta xom ashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i
B.Usmonov, Urug‘lik paxta xom ashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi katta inspektori