Yer umummilliy boylikdir, O‘zbekiston Respublikasi xalqi hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida undan oqilona foydalanish zarur va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi tomonidan qishloq xo‘jaligi yerlaridan belgilangan maqsadlarda foydalanilishi hamda o‘zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqishiga sabab bo‘lgan holatlar natijasida yetkazilgan zararlarning undirilishi yuzasidan monitoring tahlillari olib borilmoqda.
Jumladan, viloyatning Payariq tumani “Taraqqiyot” massivi hududida faoliyat yuritib kelayotgan “Paxtakorlar zamin dala” fermer xo‘jaligi hisobida bo‘lgan, xo‘jalik xaritasining 489-konturidagi 58,7 ball bonitet suvli haydalma yer maydonidan “Taraqqiyot” mahallasida yashovchi fuqaro M. s. tomonidan jami 0,20 gektar yer maydonni o‘zboshimchalik bilan egallab olib, shundan 200 kv.metr yer maydoniga uy-joy qurilishi ishlarini va shu mahallada yashovchi fuqaro s. R. tomonidan jami 0,08 gektar yer maydonni o‘zboshimchalik bilan egallab olib, shundan 144 kv.metr yer maydoniga beton poydevor qurilish ishlarini amalga oshirganligi holatlari aniqlandi.
Ushbu aniqlangan holatlar yuzasidan, hukumatning 2011-yil 25-maydagi 146-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklariga, shuningdek, yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar o‘rinini qoplash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomining 55-bandiga muvofiq “O‘zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar miqdorlari aniqlanib, belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilinmoqda.
A.Xolbekov, Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i