Ру Ўз O`z En

Qishloq xo‘jaligi yerlariga yetkazilgan zarar 77 milliard so‘mni tashkil etmoqda

9 Sentyabr 2024 745

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan qatʼiy belgilangan maqsadlarda foydalanish ustidan nazorat bugungi kunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi «O‘zagroinspeksiya» tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.

"O‘zagroinspeksiya"ning Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish mutaxassislari tomonidan o‘zlariga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, joylarda monitoring tadbirlari amalga oshirildi.

2024-yilning avgust oyida jami 195 ta holatda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 274 gektar yer maydonlarida yerga oid qonunbuzarlik holatlari qayd etilganligi aniqlandi. Shundan sug‘oriladigan 127,0 gektar yerlarda, 83,0 gektar lalmi yerlarda, 2,4 gektar bo‘z yerlarda, 62,0 gektar yaylov yerlarda qonunbuzarlik holatlari qayd etilgan bo‘lib, buning oqibatida yerlarning o‘zboshimchalik bilan qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilishiga sabab bo‘lgan. Ushbu holatlarda qonunbuzarlarga nisbatan jami 76 milliard 916 million so‘m miqdorida qishloq xo‘jaligiga yetkazilgan zarar hisoblangan.      

Eng ko‘p qonunbuzarlik holatlari viloyatlar kesimida olib qaralganda Andijon viloyati (30 ta holatda), Qashqadaryo (43 ta holatda), Namangan (41 ta holatda), Samarqand (29 ta holatda), Surxondaryo viloyatlarida (19 ta holatda) aniqlangan.

Aniqlangan yer qonunbuzarlik holatlaridan 109 tasi prokuratura organlariga 47 tasi esa IIV hududiy bo‘linmalariga chora ko‘rish uchun, 42 ta holatda boshqa tashkilotlarga, 8 ta holatda yerdan foydalanuvchilarga ogohlantirish xatlari yuborilgan.

"O‘zagroinspeksiya" Axborot xizmati

Text to speech