Ру Ўз O`z En

DON QАBUL QILISh, SАQLАSh VА QАYTА IShLАSh DOIMIY NАZORАTDА

11 Fevral 2021 3173

Don - xalqimizning rizq-roʼzi, farovonlik omili sanaladi. Shu bois urugʼ qadashdan tortib toki pishib yetilgan donni qabul qilish shaxobchalariga yetkazish va saqlashgacha boʼlgan jarayonning sifatli kechishi muhim ahamiyatga ega. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspektsiyasi Navoiy viloyat boshqarmasi va tuman boʼlimlari inspektorlari tomonidan ham bu boʼyicha zarur chora-tadbirlar koʼrib kelinmoqda.

Jumladan, oʼtgan 2020 yilda “Oʼzdonmahsulot” aktsiyadorlik kompaniyasi tizimidagi viloyatda joylashgan don korxonalari va ularning don qabul qilish shaxobchalari (“Navoiydonmahsulotlari” aktsiyadorlik jamiyati va “Qiziltepa un zavodi” aktsiyadorlik jamiyati hamda 6 ta don shaxobchalari)ning boshoqli don hosilini qabul qilishga tayyorgarligi, qabul qilishi, qayta ishlashi va mahsulotlarni realizatsiya qilinishi boʼyicha nazorat tadbirlari olib borildi.

Xususan, 20 ta tekshirish va 43 ta monitoringlar natijasida 40 ta holatda qonun buzilishlari aniqlanib, tegishli taʼsir choralar qoʼllanildi. Bundan tashqari sohaga oid qonun buzilishlari oldini olish maqsadida 102 ta ogohlantirish xatlari berildi.

Bularning natijasida don qabul qilish shaxobchalaridagi boshoqli donlarni elevator va omborlarga tashib kiritilishida ortiqcha nobudgarchiliklarga yoʼl qoʼyilmadi. Tegirmonlarga berilgan bugʼdoy donlarini qayta ishlashdan 75,31 foiz (Qoʼllanmada - 75,0%) un mahsulotlari olinishiga erishildi yoki oʼtgan yilning mos davriga nisbatan bu koʼrsatkich 0,04 foizga oshdi.

- Joriy yilning yanvarь oyida sohada 67 ta nazorat tadbirlari oʼtkazildi, - deydi “Oʼzagroinspektsiya” viloyat boshqarmasi paxta xomashyosi, don, urugʼlar va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi katta inspektori Аliqul Babamurodov - shundan 3 tasini xabardor qilish tartibidagi tekshirishlar tashkil etsa, 64 ta monitoring natijasida aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan 107 nafar mansabdor shaxslarga yozma ogohlantirish xatlari berildi. 1 nafar mansabdor shaxsga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi MJtKning 212-moddasi 1-qismi bilan va 2 nafar fermer xoʼjaliklari rahbarlariga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi MJtKning 198-moddasi bilan maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisida ish qoʼzgʼatilib, toʼplangan materiallar tuman jinoiy sudiga yuborilishi taʼminlandi.

Bugungi kunda viloyatdagi don korxonalarda davlat resursiga qabul qilingan bugʼdoyni xatlov oʼtkazish va “nol”ga tozalash ishlari ustidan nazorat qilib borilmoqda.

Shuningdek, viloyat hokimligining qaroriga asosan, 2021 yilgi boshoqli donlarni viloyatdagi 10 ta tashkil etilgan gʼallachilik klasterlarida qabul qilib olish rejalashtirilgan. Viloyat inspektsiyasi tomonidan mazkur gʼallachilik klasterlariga boshoqli donlarni qabul qilishda moddiy texnika bazasi tayyorgarligi yuzasidan zaruriy koʼrsatma va amaliy yordam koʼrsatib kelinmoqda.

“Oʼzagroinspektsiya” Navoiy viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati

Text to speech