Hozirda davlat organlari va mansabdor shaxslarning fuqarolar va jamiyat oldida masʼul ekanligini va bunda xalq manfaati ustuvorlik qilayotganini jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga boʼlgan munosabat oʼzgarganidan ham sezishimiz mumkin.
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʼrib chiqish tartibi Oʼzbekiston Respublikasining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʼgʼrisida»gi Qonuni va ushbu Qonunga muvofiq qabul qilingan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 maydagi “Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi toʼgʼrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi 341-sonli Qaroriga asoslangan holda amalga oshiriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan har bir murojaat “Oʼzagroinspektsiya” rahbariyatining qatʼiy nazoratiga olingan boʼlib, tahlilga koʼra, 2020 yil davomida Inspektsiya Markaziy apparati, Qoraqalpogʼiston Respublikasi va viloyatlar boshqarmalari hamda tuman (Quvasoy shahar) boʼlimlariga Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Veb sayti, Ishonch telefoni, Xalq qabulxonalari cabinetpm2.gov.uz sayti, Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi kb.business.gov.uz sayti hamda “Oʼzagroinspektsiya”ning (71) 202-12-48 raqamli “Ishonch telefoni”, Inspektsiyaning info@agroin.uz pochtasi va telegram_bot kanaliga toʼgʼridan-toʼgʼri jami 2011 ta murojaat kelib tushgan.
Inspektsiyaga kelib tushgan ushbu murojaatlarning 770 tasi qanoatlantirilgan, 910 tasiga tushuntirish berilgan va 18 tasi rad etilgan, 259 tasi boshqa idoralarga yuborilib, 25 tasi Qonunning 30-moddasiga koʼra koʼrib chiqilishi tugatilgan, 7 tasi koʼrmasdan qoldirilgan va 7 tasi tekshirish materiallariga qoʼshilgan. Qoldiqda qolgan 15 ta murojaat 2021 yil yanvar oyida belgilangan tartibda koʼrib chiqilgan.
Kelib tushgan murojaatlarning aksariyati qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan yerlardan foydalanish holatlari yuzasidan boʼlib, mazkur murojaatlar 1106 tani tashkil etadi.
Inspektsiyaning Markaziy apparati, hududiy boshqarmalar hamda tuman (Quvasoy shahar) boʼlimlari xodimlari tomonidan 2020 yil davomida jami 34038 ta jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilingan. Inspektsiya Markaziy apparati, hududiy boshqarmalar hamda tuman (Quvasoy shahar) boʼlimlari xodimlari tomonidan qishloq xoʼjaligi melioratsiya va yoʼl qurilish texnikasi masalalarida 24320 ta jismoniy va yuridik shaxslar vakillari qabul qilingan.
Sh.Boʼronov, Inspektsiyaning Murojaatlar bilan ishlash boʼlimi boshligʼi