Ру Ўз O`z En

YERNI OLGАCh, TАLАBNI HАM BАJАRISh KERАK

3 Dekabr 2020 2078

Qashqadaryo viloyati, Gʼuzor tumani Chugurtma mahallasida yashovchi S. А. tomonidan tashkil etilgan “Suhrob Yuksalish” fermer xoʼjaligiga tuman hokimining tegishli qarori bilan bogʼ hamda dehqonchilik qilish uchun 5,3 gektar yer maydoni ajratib berilgan edi.

Loyihaga koʼra, fermer xoʼjaligi raisi S.А. oʼziga biriktirilgan yerning 2 gektarida boshqa ekinlarni yetishtirishi, 3,3 gektarida esa bogʼ tashkil etishi belgilangan. Fermer yerni olayotganda huddi shuni vaʼda qilgan va bogʼ yaratishni loyihaga kiritgan.

Аmmo “Oʼzagroinspektsiya”ning viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan oʼtkazilgan nazorat tadbirida bogʼ yaratish kerakligi fermerning “yodidan koʼtarilib ketgani” aniqlandi.

Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ish sudga oshirildi. Gʼuzor tuman maʼmuriy sudi tomonidan S. А. sodir etgan qonunbuzilish holati koʼrib chiqilib, fermerga nisbatan maʼmuriy jarima jazosi qoʼllanildi.

Xuddi shuningdek, tumanning Boʼston mahallasi hududidan “Hakimov Raup Shodievich” fermer xoʼjaligi rahbari R. H.ga bogʼ yaratish uchun berilgan 2 gektar maydonda ham belgilangan loyiha amalga oshirilmagan. Natijada fermer bu ishi uchun sud tomonidan qonuniy jazoga tortildi.

Аfsuski, yerni olishga olib, vaʼdani bajarmayotgan bunday fermer xoʼjaliklari haqida koʼplab misollar keltirish mumkin.

Joriy yilning oʼtgan 10 oyi davomida “Oʼzagroinspektsiya”ning viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan ekin yer maydonlaridan notoʼgʼri foydalanish bilan bogʼliq 798 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Hozirgi kunda ushbu qonunbuzilish holatlari boʼyicha turli yuqori tashkilot va organlarga 20 ta yozma koʼrsatma, 34 ta taqdimnoma kiritilgan boʼlsa, 232 nafar mansabdor shaxs rasman ogohlantirilgan. Shuningdek, qonunbuzilishga yoʼl qoʼygan 108 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilib, 408 ta qonunbuzilish holati boʼyicha toʼplangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun tegishliligiga koʼra vakolatli organlarga yuborilgan.

 

Rustam Boymurodov, “Oʼzagroinspektsiya” Qashqadaryo viloyat boshqarmasi bosh inspektori

Text to speech