“Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga koʼra Аgroinspektsiya organlari zimmasiga qishloq xoʼjaligi yerlaridan oqilona va samarali foydalanish va ularni muhofaza qilish hamda yuklatilgan vazifalar doirasida aybdor shaxslarga qonunchilikda belgilangan tartibda chora koʼrish orqali qonun talablariga soʼzsiz rioya etilishini taʼminlash va yana boshqa bir qator vazifalar yuklatilgan.
2020 yil davomida Inspektsiyaning Fargʼona viloyat boshqarmasi va tumanlardagi sohaga doir inspektorlari tomonidan oʼtkazilgan 330 ta nazorat tadbirlari oʼtkazilib, 493 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan, “Er toʼgʼrisida” gi qonun talablarini buzganlik uchun 219 nafar fuqarolar va mansabdor shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, ular maʼmuriy javobgarlikka tortilganlar, 283 ta holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, shundan 122 ta holat boʼyicha materiallar qonuniy qaror qabul qilishlik uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga- prokuraturaga kiritilgan.
Yerlarning qishloq xoʼjaligi muomalasidan (oboroti) chiqarilishiga sabab boʼlgan 180 ta holat boʼyicha 95.0 gektar yer maydonlari aniqlanib, 49 mlrd. 174 mln. 762 ming soʼmlik zarar hisoblanib, 69 mln. 907 ming soʼm mablagʼ undirilishi taʼminlangan, qolgan zararlarni undirish yuzasidan iqtisodiy sudlarga daʼvo arizalarining kiritilishi taʼminlangan.
2021 yilning yanvarь oyida ham bu sohada bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan 42 ta nazorat tadbirlari oʼtkazilib, 24 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan, “Er toʼgʼrisida” gi qonun talablarini buzganlik uchun 5 nafar fuqarolar va mansabdor shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, ular maʼmuriy javobgarlikka tortilganlar, 7 ta holatlar yuzasidan materiallar qonuniy qaror qabul qilishlik uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga, shundan 4 tasi bevosita prokuratura organlariga kiritilgan.
Qishloq xoʼjaligi muomalasidan chiqarib yuborilganlik yuzasidan 4 ta holatda 1.44 gektar yer maydonlari aniqlanib, 1 mlrd. 295 mln. 138 ming soʼm zarar aniqlangan va hozirda ushbu mablagʼlarni davlat hisobiga undirish choralari koʼrilmoqda.
Hozirda mazkur yoʼnalishda qonunbuzilish holatlarini aniqlash, oʼtkaziladigan nazorat tadbirlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini jadallashtirish viloyat boshqarmasi rahbariyati tomonidan alohida nazoratga olingan va ushbu yoʼnalishda nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
"Oʼzagroinspektsiya" Fargʼona viloyat boshqarmasi maʼmuriy amaliyot boʼlimi