Joriy 2024-yilda Farg‘ona viloyatidagi fermer xo‘jaliklari va g‘allachilik klasterlari tomonidan don korxonalari va ularga qarashli don qabul qilish shoxobchalariga davlat ehtiyoji uchun 82 ming 200 tonna tovar bug‘doy va 19 ming 700 tonna urug‘lik don topshirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomalari tuzilgan va kontraktatsiya shartnomalarida davlat ehtiyoji uchun 3-sinf talabiga mos bug‘doy doni topshirishlari belgilangan.
Shuningdek, 2024 yil g‘alla hosilidan Farg‘ona viloyati bo‘yicha joriy yilning 24 iyun holatiga don korxonalariga 204 ming 741 tonna bug‘doy doni qabul qilindi.
Qabul qilingan bug‘doyning 192 ming 796 tonnasi yoki 97,6 foizi 3-sinfga qabul qilinib, o‘rtacha namligi 12,3 foizni, iflosligi 2,9 foizni, don aralashmasi 4,0 foizni, natura og‘irligi 758 gr/lni va kleykovina miqdori 23 foizni tashkil qilmoqda.
Bug‘doyning sinfini aniqlashda yuqorida qayd etilgan davlat standartida ko‘rsatilgan don sifat ko‘rsatkichlarining eng yomon sifat ko‘rsatkichi eʼtiborga olinadi va bu bug‘doyning sinfidan kelib chiqib narxini belgilovchi asosiy omil bo‘lib hisoblanadi. Bug‘doy sinfi qancha yuqori bo‘lsa uning sifati yuqori va narxi baland bo‘ladi. Fermer xo‘jaligi bilan don qabul qilish korxonasi o‘rtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomasiga asosan topshirilayotgan bug‘doy doni davlat standartida ko‘rsatilgan cheklangan meʼyorga asosan namligi 17,0 foizdan, ifloslik aralashmasi 5,0 foizdan, don aralashmasi 15,0 foizdan yuqori, natura og‘irligi 710 G/l dan past bo‘lmasligi belgilangan.
Qabul qilinayotgan donning sifatini kunlik tahlil qilib borish va donning sifati bo‘yicha yuzaga keladigan nizoli masalalarni joyida hal etish uchun Inspeksiyaning markaziy apparatida, Farg‘ona hududiy boshqarmasida “Ishchi guruhlari” tashkil qilingan.
Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinayotgan boshoqli donning sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘ri tahlil qilinishi Inspeksiya mutaxassislari tomonidan kunlik nazoratga olingan.
Don topshiruvchilar va qabul qiluvchi korxonalar o‘rtasida donning sifati bo‘yicha yuzaga kelayotgan nizoli masalalar joyida hal etib kelinmoqda.