Ру Ўз O`z En

Fermer xoʼjaligiga 64 mingdan ziyod naslli joʼjalar keltirildi

11 Noyabr 2020 2478

Parrandachilik sohasini rivojlantirish va naslchilik ishlari boʼyicha nazorat tadbirlarini oʼz vaqtida amalga oshirilishi natijasida “Navobod naslli parranda” koʼp tarmoqli fermer xoʼjaligida joriy yilni mart-aprelь oylari davomida 88 ming 335 bosh naslli joʼjalar xorijiy davlatlardan keltirilgan edi.

Mazkur korxonada naslli parrandalar bosh sonini koʼpaytirish va naslchilik ishlarini yanada takomillashtirish maqsadida joriy yilni may-oktyabrь oylarida Vengriya davlatidan 64 ming 868 bosh ROSS-308 naslli joʼjalar keltirilib, parvarish qilinmoqda.

Bir kunlik joʼjalar Ukrainalik mutaxassislar tomonidan belgilangan muddatga karantinga olindi. Joʼjalar 90 kun davomida parvarishlangach, ularning tuxumidan naslli parranda yetishtirish yoʼlga qoʼyiladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasining Samarqand tuman boʼlimi tomonidan naslli joʼjalarning meʼyoriy hujjatlar asosida karantin qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda- deydi Inspektsiyaning Samarqand tumani boʼlimi chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish boʼyicha katta inspektori Xurshid Xurramov. - Shuningdek, eksportyor davlatlar tomonidan taqdim etilgan joʼjalarning ota-onasi naslini tasdiqlovchi maʼlumotlarning elektron bazasi yaratildi. Karantin muddati tugagach naslli parranda yetishtirish boʼyicha hisobotlar bazasi shakllantiriladi.

Maʼlumot oʼrnida: “Navobod naslli parranda” koʼp tarmoqli fermer xoʼjaligi yirik eksportyor korxonalardan biri sanaladi. Аyni kunlarda bu yerda 300 ming bosh naslli parranda parvarishlanmoqda. Korxona tomonidan oyiga 2 million donadan ortiq naslli joʼjalar yetishtirilib, respublikamizning qariyb barcha parrandachilik korxonalariga yetkazib berilmoqda.

Korxona filiallari Аndijon, Xorazm, Surxondaryo, Toshkent viloyatida ham faoliyat yuritmoqda. Dastlab naslli joʼjalar Germaniyalik hamkorlar tomonidan yetkazib berilgan boʼlsa, bugunga kelib korxona qoshidagi inkubatsiya sexida joʼjalarni ochirish yoʼlga qoʼyilgan. Xorijning zamonaviy uskunalari yordamida har 100 ta tuxumdan 90-95 ta joʼjalar ochirishga erishilmoqda.

Koʼp tarmoqli fermer xoʼjaligi tomonidan soatiga 20 tonna parranda omuxta yemi ishlab chiqarilib mamlkatimizdagi parrandachilik korxonalari va Аfgʼoniston, Tojikiston davlatlariga eksport qilinmoqda.

Fermer xoʼjaligi tomonidan joriy yilning oʼtgan davri davomida 9,5 mln АQSh dollari miqdoridagi mahsulotlar eksport qilingan boʼlsa, yana qoʼshimcha joriy yil yakuniga qadar 10 mln. АQSh dollari miqdoridagi mahsulotni eksportga yoʼnaltirish rejalashtirilmoqda.

 

“Oʼzagroinspektsiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi Аxborot xizmati

Text to speech