Ру Ўз O`z En

Forishda yaylov yer maydonlarini oʼzboshimchalik bilan egallab olgan fuqarolarga chora koʼrildi

12 Fevral 2021 2680

Koʼrilgan chora-tadbirlar hamda aholi oʼrtasida olib borilgan targʼibot - tashviqot ishlariga qaramay joylarda ayrim fuqarolar tomonidan qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan zaxiradagi yerlarni noqonuniy egallab olish hamda u yerlarga uy-joy va boshqa binolar qurib olish holatlari hali ham uchrab turibdi.

Yaqinda Forish tumani “Oqtom” MFY da “Oʼzagroinspektsiya” ning viloyat boshqarmasi va Forish tuman boʼlimi hamda tuman prokuraturasi va mutasaddi tashkilotlar hamkorligida monitoring ishlari olib borildi. Oʼrganishlarda mazkur mahallada yashovchi 8 nafar fuqaro yer maydonlarni oʼzboshimchalik bilan egallab, noqonuniy ravishda uy-joy, poydevor qurganliklari va poydevor uchun tosh toʼkib olganliklari maʼlum boʼldi.

Jumladan, fuqaro E.B tuman zaxira yerlarining 2083-konturidagi yaylov maydonining 0,1 gektarini oʼzboshimchalik bilan egallab, 0,0197 gektariga uy-joy qurib olgan boʼlgan. Shuningdek, bu kabi holatlar M.Ch hamda B.R. tomonidan ham sodir etilib, M.Ch. egallangan 0,06 gektar yerning 0,02 gektariga, B.R esa 0,012 gektariga qurilish ishlarini olib borgan. Huddi shunga oʼxshash xatti-harakatlar R.E va F.M lar tomonidan ham amalga oshirilgan. Ularning har ikkisi 0,1 gektardan yaylov yerlarini oʼzboshimchalik bilan egallab, noqonuniy ravishda qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan yerlarning 0,0032 va 0.004 gektariga uy-joy qurib oladi.

 

Bundan tashqari, ishchi guruh tomonidan fuqarolar А.Q, А.T va А.K larning yaylov maydonlarini oʼzboshimchalik bilan uy-joy qurish maqsadida poydevor qurganligi va poydevor uchun tosh toʼkkanligi holatlari aniqlangan. Inspektsiya xodimlari tomonidan mazkur qonunbuzilishi holatlari yuzasidan Oʼzbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning 60-moddasi 2-qismi bilan maʼmuriy ish qoʼzgʼatilib maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Bu boʼyicha toʼplangan hujjatlar Jinoyat ishlari boʼyicha Forish tumani sudiga taqdim etilib, ish materiallari Oqtom MFYda sayyor sud majlisida koʼrib chiqildi. Sud fuqarolar E.B, M.Ch larga nisbatan bazaviy hisoblashning ikki baravari miqdorida jarima jazosini tayinlash haqidagi qarorni qabul qildi.

Noqonuniy egallab olingan yerlarga poydevor qurgan hamda poydevor uchun tosh toʼkib olgan А.Q, А.T va А.K larga nisbatan yuritilgan maʼmuriy ishlar sud tomonidan tugatilib, fuqarolar jazodan ozod qilindi. Chunki, shu kuni bu fuqarolar qilgan xatosini tushunib yetgan holda oʼz ixtiyori bilan uy-joy poydevorlarini buzib, toshlarni olib chiqib ketishdi. Sud majlisida qolgan 3 nafar huquqbuzarga ham maʼmuriy ishlar koʼrib chiqilishi maʼlum qilindi.

Yakunda oʼzboshimchalik bilan egallab olingan 2 gektar yaylov yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilishi taʼminlandi.

R.Sanaqulov, “Oʼzagroinspektsiya” ning Jizzax viloyat boshqarmasi katta inspektori

X.Ilhomov, “Oʼzagroinspektsiya” ning Forish tuman boʼlimi katta inspektori

Text to speech