Ру Ўз O`z En

Defoliantlar zaxirasining shakllantirilishi Inspeksiya nazoratida

7 Avgust 2024 1111

Respublikada joriy yilda 1 mln 12 ming 445 gektar maydonda g‘o‘za parvarish qilinmoqda.

G‘o‘za parvarishida bugungi kundagi amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlardan biri - bu g‘o‘za defoliatsiyasiga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etishdir.

Defoliatsiyani belgilangan muddatdan oldin boshlash yoki meʼyorini oshirib yuborish yosh ko‘saklarning majburan ochilishiga sabab bo‘lib, hosil salmog‘i hamda sifatiga salbiy taʼsir etadi. Shuningdek, defoliatsiyani kech o‘tkazish yoki defoliant meʼyorini kamaytirish esa kutilgan natijani bermaydi va sarf-xarajatlarning bekorga sarflanishiga olib keladi.

Bugungi kunda g‘o‘za maydonlarining 52,2 ming gektari yoki 5,2 foizi    5-6 ko‘sak, 392,4 ming gektari yoki 39 foizi 7-8 ko‘sak, 567,8 ming gektari yoki  56 foizi 9-10 ko‘sak fazasida rivojlanmoqda.

Hududlarda bugungacha g‘o‘za qator oralariga 7,4 marta ishlov berilib, g‘o‘zani bargidan oziqlantirish ishlari 5,5 marta va azotli mineral o‘g‘itlar bilan 3-oziqlantirish hamda chilpish ishlari to‘liq yakunlanib, g‘o‘zani 2-sug‘orish ishlari 95 foiz va 3-sug‘orish ishlari 54,3 foiz maydonlarda amalga oshirildi.

Paxtachilikda muhim va yakuniy agrotexnik tadbirlardan biri bo‘lgan defoliatsiya tadbirlarini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan defoliantlar zaxirasini yaratilishi inspeksiya tomonidan muntazam nazoratga olingan bo‘lib, bugungi kunda defoliatsiya o‘tkaziladigan   866,4 ming gektar g‘o‘za maydonlarining 407,1 ming gektar yoki 47 foiziga defoliantlar zaxirasi yaratilgan.

Defoliatsiya tadbirlarini o‘tkazishga qisqa muddatlar qolayotganligiga qaramasdan Navoiy viloyatida bor yo‘g‘i 0,3 foiz, Sirdaryoda 15,2 foiz, Jizzaxda                 19 foiz, Toshkentda 28 foiz, Samarqandda 29,6 foiz, Buxoroda 32 foiz va Farg‘onada 43 foiz maydonga defoliantlar zaxirasi yaratilganligi aniqlandi.   

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va paxta hosilini yaratishga zarur bo‘ladigan defoliantlarning zaxirasini qisqa muddatlarda yaratish hamda sifatli mahsulotlar olib kelib g‘o‘za maydonlarida belgilangan tartib asosida sinovdan o‘tkazish yuzasidan joylardagi hududiy boshqarmalar va tuman bo‘limlari tomonidan masʼul tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berib borilmoqda.

F.Mamasoliyev, Inspeksyaning Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i

Text to speech