Yana bir necha kundan so‘ng g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari boshlanadi. O‘tgan yil kuzidan boshlangan mehnatning samarasi bugun dalalarda g‘allalar rivojida bo‘y ko‘rsatmoqda. Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, joriy yilda Namangan viloyatida 2 ming 197 nafar fermer xo‘jаliklari tomonidan 74 ming gektar maydonda boshoqli don ekinlari parvarish qilib kelinayotgan bo‘lib, har bir gektardan o‘rtacha 69,7 sentnerdan jami 515,7 ming tonnadan ziyod g‘alla yetishtirish ko‘zda tutilgan.
Belgilangan rejani bajarish, g‘alla o‘rim-yig‘imini o‘z muddatida va sifatli tashkil etish maqsadida 272 ta texnika, jumladan “Keys”, “Klas” va boshqa rusumli don o‘rish kombaynlari “Agroservis MTP” MChJning tuman filiallarida markazlashgan holda yig‘ilib, ta’mirlash ishlari olib borildi hamda mavsumga shay holatga keltirildi.
Ta’mirdan chiqarilgan don o‘rish kombaynlari hududlarda tashkil etilgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tuman bo‘limi boshlig‘i, “Agroservis MTP” MChJning tuman filiali hamda tuman hokimligi, qishloq xo‘jaligi bo‘limi vakillaridan iborat maxsus komissiya tomonidan dalolatnoma asosida to‘liq qabul qilib olinib, sertifikatlar topshirildi.
Mavsumni qisqa muddatlarda uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun 272 ta o‘rim-yig‘im otryadlari tashkil etilib, don o‘rish kombaynlaridan tashqari yana 1360 dona don tashish transportlari, 101 ta yoqilg‘i moylash mahsulotlari quyish texnikalari hamda 61 ta ko‘chma ta’mirlash ustaxonalari bilan ta’minlandi.
Shu bilan birga hududlardagi o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondoshuvchi, fidokor hamda jamoatchilik orasida faol bo‘lgan tashkilot rahbarlaridan otryad boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari tayinlandi.
Bundan tashqari har bir otryad, dam olish uchun maxsus jihozlangan tirkamalar, qozon-o‘choq, samavor, yuvinish anjomlari va boshqa zaruriy vositalar bilan jihozlandi.
Shuningdek, har bir kombaynning kunlik ish unumi hisob-kitob qilinib, g‘allakorlar tomonidan yetishtirilgan 74 ming gektar maydondagi g‘allani nes-nobul qilmay qisqa muddatlarda o‘rib-yig‘ib olish rejalashtirilgan.
"O‘zagroinspeksiya" Namangan viloyat boshqarmasi.