Qishloq xo‘jaligida dolzarb tadbirlardan biri bo‘lgan g‘alla o‘rimi mavsumi ham yaqinlashmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 mayda qabul qilingan “2021 yil hosili uchun ekilgan boshoqli don hosilini o‘z vaqtida va sifatli o‘rib-yig‘ib olishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 304-sonli qarorida 2021 yil g‘alla hosilini qisqa muddatda nest-nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olishni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bu fermerlar, kombaynchilar, MTР rahbarlari, shuningdek, servis markazlari muhandislari hamda o‘rim-yig‘im otryadlari boshliqlari zimmasiga katta masʼuliyatni yuklaydi.
Ayni jarayonda “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlarining kombaynlar sozligi, ularning mavsumga shayligi masalalarida o‘tkazayotgan nazorat tadbirlari muhim ahamiyatga ega. Mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida Karmana, Konimex, Qiziltepa, Navbahor va Xatirchi tumanlarida Inspeksiya viloyat boshqarmasi hamda boshqa daxldor tashkilotlar hamkorligida 2021 yil g‘alla hosili o‘rim-yig‘imida qatnashadigan mavjud don o‘rish kombaynlarini o‘rim oldi sinov yurishini o‘tkazish maqsadida seminarlar tashkil etildi.
Maʼlumot o‘rnida aytish kerak, viloyatda joriy yil 38 039 gektarga kuzgi boshoqli don ekilgan. Viloyat bo‘yicha 2021 yil g‘alla hosili o‘rim-yig‘imida jami 101 ta kombaynlar qatnashadi. Ularning barchasi taʼmirlangan bo‘lib, mavsumga qatnashishga shay holatga keltirilgan. Jumladan, Karmana tumani “Agrotexservis MTP” masʼuliyati cheklangan jamiyatida tuman hokimligi, servis xizmat markazlari, don qabul qilish maskanlari va g‘alla o‘rish kombaynlari mavjud fermer xo‘jaliklar ishtirokida kombaynlarning o‘rim oldi taʼmirlanganligi ko‘zdan kechirildi. Kombaynlar belgilangan masofagacha yurgizib ko‘rildi. Tumannning 6 120 gektariga kuzgi boshoqli don ekilgan bo‘lib, o‘rim mavsumiga 11 ta “Klaas”, 5 ta “Keys”, “Nyu xolland” rusumidagi kombaynlar qatnashishi rejalashtirilgan.
Qiziltepa tumanida 10 224 gektar yerga don qadalgan. Joriy yil g‘alla hosilini o‘rib-yig‘ib olishda 29 ta kombayn ishtirok etadi. Joylarda bo‘lib o‘tgan seminarlarda mexanizator, operatorlarga yaratilgan sharoitlar va o‘rim otryadlarining vazifalari xususida ham gapirildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan mavjud g‘alla o‘rish kombaynlari uchun mavsumda qatnashish huquqini beruvchi maxsus sertifikat topshirildi.
“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati