Ko‘p yillik tajribalardan maʼlumki, boshoqli don ekinlarini naychalash hamda boshoqlash bosqichlaridagi parvarishini o‘z vaqtida amalga oshirish yuqori va sifatli don hosilini yetishtirishni taʼminlaydi.
Bu yilgi bahor seryog‘in kelishi g‘alla maydonlarida begona o‘tlar ko‘payishi, kasallik va zararkunandalar ko‘proq tarqalishiga olib kelishi hamda hosilga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
Naychalash davrida kuzgi bug‘doyning vegetativ organlari erta bahorgi holatga nisbatan jadal rivojlanishi kuzatiladi. Bu davrda yillik azotli o‘g‘it meʼyorining 45–50 foizi, yaʼni fizik holda 300–320 kg/ga miqdorida 2-oziqlantirish ishlari o‘tkaziladi.
G‘allazorlardagi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda navlarning biologik kelib chiqishini hisobga olgan holda, xususan ertapishar navlarni, o‘rta va o‘rta kechpishar navlarga nisbatan 7–10 kun ertaroq oziqlantirish hamda sug‘orishni sharbat usulida sug‘orishni tashkil qilish talab etiladi. Ko‘p yillik kuzatuvlarga ko‘ra, erta ekilgan g‘alla navlari aprel oyining 2-o‘n kunligida boshoqlash davriga kiradi.
2021 yil hosili uchun Mingbuloq tumanida 9 ming 85 gektar maydonga yaxshi niyatlar bilan bug‘doy urug‘i ekilgan edi. Ayni kunlarda esa barcha maydonlardagi g‘alla baravj rivojlanmoqda.
Joriy yilda tuman g‘allakorlari 32 ming 300 tonnadan ortiq hosil yetishtirishni maqsad qilganlar. Buning uchun imkoniyatlar yetarli. Ayni kunlarda 50 ta purkagichlar vositasida barcha g‘allazorlarga 2-suspenziya sepish va begona o‘tlar, “zang” va boshqa kasalliklar hamda zararli hasharotlarni keng tarqalib ketishining oldini olish maqsadida “to‘rtlik aralashma” bilan ishlov berish yakunlandi. Eʼtiborli jihati, ushbu jarayonda foydalanilayotgan purkagichlarning 16 tasi zamonaviy shtangelli purkagichlar bo‘lib, oddiy purkagichlarga nisbatan ish unumdorligi bilan ajralib turadi.
Ayni kunlarda amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlarning to‘g‘ri va o‘z vaqtida o‘tkazilishi hosilga hosil qo‘shishda muhim ahamiyatga ega,-deydi biz bilan suhbatda “O‘zagroinspeksiya”ning Mingbuloq tumani bo‘limi boshlig‘i Mirxalil G‘oziyev. – Shu boisdan ham inspeksiya tuman bo‘limi tomonidan fermer xo‘jaliklarida suspenziya sepish, sug‘orish kabi agrotexnik tadbirlar doimiy nazoratga olinib, fermerlarga amaliy yordam, ko‘rsatmalar berib kelinmoqda, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarga belgilangan tartibda taʼsir choralari qo‘llanilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya" Namangan viloyat boshqarmasi Axborot xizmati