Parranda yetti xazinaning biri. Chorvachilik tarmogʼining parrandachilik yoʼnalishi rivojlantirilishi esa tabiiyki, aholini arzon va sifatli parhezbop goʼsht va tuxum mashulotlari bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Eʼtiborli jihati shundaki, keyingi yillarda mazkur yoʼnalish xalqimiz orasida kengayib, katta-katta fabrikalar ishga tushirilmoqda. Mamlakatimizda bu boʼyicha mustahkam qonuniy asoslar ham yaratilgan. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 noyabrdagi “Parrandachilikni yanada rivojlantirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ-4015-sonli qarori fikrimiz tasdigʼidir.
Soha rivojini Jizzax viloyatining Gʼallaorol tumani misolida koʼrib chiqadigan boʼlsak, tumanda viloyatdagi eng yirik fabrikalardan biri “Sangzor parranda” maʼsuliyati cheklangan jamiyati faoliyat koʼrsatmoqda. Bugungi kunda bu yerda 285 ming bosh parranda boqilmoqda. Shundan 233 ming 150 boshini ona tovuqlar tashkil qiladi. Hozirda 62 ming 300 bosh parranda tuxumga kirib, bulardan kuniga 46 ming 725 dona, yoki jami tuxum yoʼnalishidagi parrandalarga nisbatan oʼrtacha 70-75 foizdan tuxum olinmoqda.
Ushbu parrandachilikning naslchilik yoʼnalishidagi xoʼjaliklar 2 nafar selektsioner zootexnik hamda 2 nafar veterinariya mutaxassislari bilan taʼminlangan. Bu jarayondagi ishlarni sifatli tashkil etish, naslli tovuqlar sonini koʼpaytirish va inkubatsiyadan chiqarilgan har bir bosh joʼjalar balanslashtirilgan ratsionlar asosida toʼgʼri oziqlantirilishi Аgroinspektsiyaning Gʼallaorol tuman boʼlimi xodimlari tomonidan nazorat qilib borilmoqda.
Xususan, parrandachilikda naslchilik hisob-kitobi va hujjatlarini yuritish, tipi boʼyicha tasniflash, kelib chiqishini genetik ekspertiza va tahlil qilish, ularni oʼz mahsuldorligi hamda avlodining sifati boʼyicha baholash talablari oʼrganilmoqda. Shuningdek, parranda naslini takomillashtirish, naslchilik zavodlarida yetishtirilgan yoki xorijdan olib kelingan yangi parranda zotlari bilan toʼldirib borishi, selektsiya yutuqlaridan samarali foydalanishi yuzasidan tadbirkorlik subʼektlari egalariga tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Xulosa shuki, soʼzimiz boshida aytilganidek, yetti xazinaning biri hisoblangan parranda odamzot uchun benazir boylikdir. Bu ish bilan shugʼullanayotganlar esa nafaqat biznesi orqasidan katta daromad koʼrmoqda, balki oʼz oilasi va atrofidagilarni parhezbop goʼsht va tuxum bilan taʼminlashga hissa qoʼshishmoqda.
А. Аbdurashidov, “Oʼzagroinspektsiya”ning Gʼallaorol tuman boʼlimi
chorvachilikda naschilik ishini nazorat qilish boʼyicha katta inspektori