Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlarini xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlash bo‘yicha so‘nggi yillarda bir qator yutuqlar qo‘lga kiritildi.
Shulardan biri, "O‘zagroinspeksiya" tomonidan zamonaviy shart -sharoitga ega laboratoriya tashkil etish va uni Xalqaro tashkilotlar talablariga muvofiqlashtirib, akkreditatsiyadan o‘tkazish maqsad qilingan. Bugungi kunda Jahon banki tomonidan ajratilgan 6 mln AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘lari hisobiga AQSH, Yaponiya, Germaniya, Fransiya hamda Xitoy kabi 10 dan ortiq xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy o‘lchov vositalari va sinov qurilmalari xarid qilinib, nafaqat markaz balki, navbati bilan uzoq hududlarda ham yangi laboratoriyalar barpo etilib, to‘liq jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil Xorazm viloyatiga tashrifi davomida "Xorazm viloyatini 2024-2026 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalarning ijrosini taʼminlash yuzasidan ishlab chiqilgan “YO‘L XARITASI”da Urganch shahrida qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatlash laboratoriyasini tashkil etish choralarini ko‘rish topshirig‘i berilgan edi.
Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida bugun 25 aprel kuni Urganch shahridagi Qishloq xo‘jalik mahsulotlari sifatini baholash markazining Xorazm filialida mazkur laboratoriyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimligi, tegishli tashkilotlar va soha rahbarlar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.
Endilikda viloyatda yetishtirilgan qishloq xo‘jalik ekinlarining ekinboplik sifat ko‘rsatkichlarini shu yerning o‘zida laboratoriya tahlilidan o‘tkazib, sertifikat berish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur yangi laboratoriya “O‘zargoinspeksiya”ning urug‘chilik laboratoriyalarini modernizatsiya qilish dasturi doirasida 200 ming AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘lari evaziga xarid qilingan 30 turdagi 80 ta o‘lchov vositalari va sinov qurilmalari bilan to‘liq jihozlanib, modernizatsiya qilindi.
Yangi laboratoriya barpo qilish orqali doimiy 15 ta ish o‘rni va qo‘shimcha ravishda mavsumiy 11 ta ish o‘rni yaratildi.
Shuningdek, Laboratoriyani modernizatsiya qilish natijasida: Xorazm viloyatida Paxta - to‘qimachilik klasterlari va urug‘lik bilan shug‘ullanuvchi korxonalarda urug‘liklarni yetishtirish, jamg‘arish, saqlash, qayta ishlash va ekish uchun realizatsiya qilish jarayonlarida urug‘liklarni sifatini taʼminlashga hamda sifati past urug‘liklarni ekilib ketishining oldini olishga erishiladi.
Bugungi kunda, “O‘zagroinspeksiya” tomonidan bu kabi laboratoriyalarni barpo qilish amaliyoti Respublikaning Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida amalga oshirish rejalashtirilgan.
"O‘zagroinspeksiya" Axborot xizmati