Bugungi kunda, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “O‘zagroinspeksiya” tomonidan Respublikamizda mahalliy yetishtiriladigan va xorijdan kirib keladigan urug‘liklarni tezkor va yuqori aniqlikda ekinboplik sifat ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida joylashgan hududiy laboratoriya yangidan barpo etildi. Bugun ushbu maskanning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining boshlig‘i Farxod Ermanov hamda bir qator soha rahbarlari ishtirok etishdi.
Jahon banki tomonidan ajratilgan 4 mln AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘lar hisobiga laboratoriya eng so‘nggi zamonaviy uskunalar bilan jihozlanib, modernizatsiya qilindi va natijada o‘tkaziladigan sinovlarda ish samaradorligi va tezkorligi oshishiga hamda inson omilini keskin kamayishiga olib keldi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida Paxta-to‘qimachilik klasterlari va urug‘lik bilan shug‘ullanuvchi korxonalarda urug‘liklarni yetishtirish, jamg‘arish, saqlash, qayta ishlash va ekish uchun realizatsiya qilish jarayonlarida urug‘liklarni sifatini taʼminlashga hamda sifati past urug‘liklarni ekilib ketishining oldi olinmoqda.
Bugungi kunda, mazkur Laboratoriya tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikadagi mavjud Paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan paxta mahsulotlari, yaʼni paxta tolasi, paxta momig‘i va paxta texnik chigitini sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash, texnik chigitning yog‘dorlik ko‘rsatkichini aniqlash, ularga hujjatlar rasmiylashtirish hamda ishlab chiqarilayotgan paxta toylari vaznini o‘lchash ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Paxta tolasining sifat ko‘rsatkichlarini zamonaviy HVI tizimida aniqlash jarayonida birgina tolaning 14 ta sifat ko‘rsatkichlari aniqlanadi.
Buning natijasida, paxtachilikda ilg‘or hisoblangan AQSH va Avstraliya tajribasini hisobga olgan holda tolani akkreditlangan sinov laboratoriyalarida sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholanishi (HVI) natijasida dunyoda yetakchi to‘qimachilik brendlarning talablariga javob beradigan tayyor mahsulotlarning birlamchi kelib chiqish hujjati shakllanadi.
HVI tizimida sinovdan o‘tkazilgan tolaning sifat ko‘rsatkichlari yagona maʼlumotlar bazasiga kiritilishi va ularni navlar kesimida tahlil qilinishi natijasida, mahalliy sharoitda yetishtirilayotgan seleksiya navlarining tola sifatini buzilishi oldi olinishi hamda yangi navlar yaratish yo‘nalishlarini tanlashga xizmat qiladi.
Maʼlumot uchun, Agroinspeksiya huzuridagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sifatini baholash markazi” davlat muassasining Respublika bo‘yicha jami 13 ta paxta mahsulotlarini sinash laboratoriyalari mavjud bo‘lib, paxta tolasini sinash uchun 35 ta HVI tizimlari bilan jihozlangan. Barcha laboratoriyalarda sinovlar o‘tkazish uchun ko‘p yillik tajribaga ega malakali xodimlar bilan taʼminlangan. Barcha hududiy laboratoriyalarda mavjud bo‘lgan HVI-900 va HVI-1000 tizimlarini to‘g‘ri va aniq ishlashligini doimiy o‘rganib borish, uchun boshqa mamlakatlarni sinov uskunalarida bilan taqqoslash maqsadida “ICA Bremen” paxta tolasini sinovdan o‘tkazish va tadqiqot global markazi hamda Commercial standardization of Instrument testing of cotton (CSITC)-paxtaning instrumental sinovning tijorat standartizatsiyasi xalqaro raund-testlarda ishtirok etib kelinmoqda.
Shuningdek Markaz tomonidan Yog‘-moy korxonalari tomonidan texnik chigitni qayta ishlab chiqarishdan avval uni YAMR analizatori (yaderny magnitny rezonans) chigit yog‘dorlik miqdori mutaxassis xodimlari tomonidan aniqlanadi.
“Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sifatini baholash markazi” davlat muassasida tashkil qilgan “Paxta tolasini klassifikatsiyalash, sertifikatlash va marketingi” kurslarida filial mutaxassislari paxta tolasini nav va sinflarini aniqlash va dunyo bozorida paxta tolasini sotilishi bo‘yicha malakalarini oshirib kelishmoqda.
Ushbu o‘quv kursi orqali paxta mahsulotlarini sinov va sertifikatlash jarayonlari bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlanib kadrlar zaxirasi yaratib borilmoqda.
Muxtasar aytganda, Inspeksiya tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan Hukumat qarorlari asosida ajratilayotgan grant mablag‘laridan maqsadli foydalanish natijasida, kelgusida mamlakatimiz dehqonlari va fermerlariga kafolatlangan hamda biologik xavfsiz urug‘liklarning yetkazib berilishiga erishiladi. Buning natijasida esa, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyati bo‘lgan aholimiz dasturxonining to‘kin sochinligi taʼminlanadi.
"O‘zagroinspeksiya" Axborot xizmati