Ру Ўз O`z En

G‘O‘ZA DEFOLIATSIYASINI SIFATLI O‘TKAZILISHI BO‘YICHA KAMCHILIKLAR ANIQLANMOQDA

8 Sentyabr 2022 1384

Navoiy viloyatida joriy yil defoliatsiya o‘tkaziladigan g‘o‘za maydoni 28 655 gektar maydonni tashkil etadi. Shundan 9 465 gektari Xatirchi, 7 450 gektari  Qiziltepa, 6 600 gektari Navbahor, 4640 gektari Karmana, 500 gektari Konimex tumanlariga to‘g‘ri keladi. 

Ushbu agrotexnik tadbir bajarilishiga 130 ta OVX purkagichlar jalb etilgan.

 

 

"O‘zagroinspeksiya"ning Navoiy viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan defoliatsiya tadbiri o‘z vaqtida hamda sifatli o‘tkazilishi yuzasidan 4 703 gektar g‘o‘za maydonida nazorat tadbirlari olib borildi.

Nazorat tadbirlari davomida ishchi eritma tayyorlaydigan maskanlarni tashkil etilganligi, ularda hovuz yoki sig‘imlar mavjudligi, jihozlanganligi va boshqalar yuzasidan o‘rganishlar tashkil etildi. Natijada 178 ta fermer xo‘jalikning 1471 gektar g‘o‘za maydonida hamda 38 ta holatda kamchilikka yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Bundan tashqari, nazorat tadbirlarida defoliatsiya o‘z vaqtida boshlanmagan, “otryad-naryad” usulida defoliatsiya qilinmagan, 65-70 foiz ko‘sak ochilsa-da, defoliatsiya kechiktirilgan  fermer xo‘jalik maydonlariga ham duch kelindi. Bu holatlarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

-  Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli hokimlik va tashkilotlarga to‘rtta taqdimnoma kiritildi, - deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi katta inspektori bTo‘ychiyev.- Shuningdek, fermer xo‘jalik rahbarlariga 123 ta bajarilishi shart bo‘lgan yozma ko‘rsatma hamda 193 ta ogohlantirish xatlari berildi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, g‘o‘za defoliatsiyasi o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilsa, uning barglari to‘liq to‘kilishini taʼminlaydi. Qator oralarida havo aylanishi yaxshilanib, o‘simlik quyosh issiqligi va nuridan samarali foydalanadi. Amalga oshirilgan zarur agrotexnik tadbirlar natijasida o‘simlik tanasida moddalar qayta taqsimlanishi, ko‘saklar pishib yetilishi tezlashadi. Bu esa o‘z navbatida yetishtirilgan paxta hosilini yig‘ib-terib olishda terish mashinalaridan samarali foydalanish va qo‘l terimi surʼatini oshirish imkoniyatini yaratadi.

Shu bois g‘o‘za defoliatsiyasi muhim agrotexnik tadbirlardan biri hisoblanadi.

O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari nazorati ostida mazkur tadbirni sifatli olib borish bo‘yicha mavsum davomida doimiy nazorat tadbirlari olib boriladi.

Z. Boboyeva, “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati rahbari

Text to speech