Ру Ўз O`z En

G‘alla-2024: xirmonlar oltin donga to‘lmoqda

20 Iyun 2024 1420

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2024 yil hosili uchun g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan  1 mln. 12 ming 775 gektar maydonga g‘alla ekilib, o‘z vaqtida agrotexnik talablari asosida parvarish qilindi va buning natijasida bug‘doydan joriy yilda mo‘l hosil yetishtirildi.

Mavsum oldi yetishtirilgan hosilni qisqa muddatlarda nes-nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olish va shartnoma majburiyatlarini to‘liq bajarilishida 3 149 ta dan ortiq yuqori unumli zamonaviy kombaynlar tayyorlanib, g‘allani o‘rish va qabul maskanlariga tashish ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etish bo‘yicha barcha zaruriy chora-tadbirlar belgilab olindi.

Xususan, joriy yilning 20 iyun holatiga tezkor maʼlumotlarga asosan Respublika bo‘yicha jami 305 ming gektar maydonlarda o‘rim-yig‘im ishlari amalga oshirilib, qariyb 2 mln. 577 tonna don ishlab chiqarildi.

Olingan yalpi hosilga nisbatan hosildorlik o‘rtacha har bir gektar maydondan 84,3 sentnerni tashkil qilmoqda.

Shundan, jami ishlab chiqarilgan dondan xo‘jaliklar tomonidan shartnoma majburiyatlarini bajarish uchun 1 mln 413 ming tonna yoki 55,4 foiz miqdorda don topshirilishi taʼminlandi.

Joylarda o‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqda-ki, ayni damda barcha hududlarda g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari qizg‘in pallaga kirdi. 

Respublika bo‘yicha 37 197 ta xo‘jaliklardan 17 971 tasi yoki 48 foizi g‘alla o‘rim-yig‘im ishlariga kirishib ketgan bo‘lsa, shundan 9005 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan davlat jamg‘armasi va vaqtinchalik saqlashga gektariga 2,5 tonnadan g‘alla topshirilib, belgilangan shartnoma majburiyatlari bajarilgan.

Shundan, 650 tadan ortiq fermer xo‘jaliklari tomonidan yalpi ishlab chiqarish hosildorligi gektaridan 90-100 sentnerdan yuqori hosil olganligi maʼlum bo‘ldi.

Masalan, Qumg‘o‘rg‘on tumanidagi “Elobod Ziyosi” , “Jasur Chori fermer xo‘jaliklari, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Panji Umid-Bunyod” va ”Dilshod Ravshanqulovich” fermer xo‘jaliklari, Vobkent tumanidagi “Bobitr Suxrob Bobir” fermer xo‘jaligi, Olot tumanidagi “Shukurullo O‘rin” fermer xo‘jaligi, Paxtakor tumanidagi “Damin ota”, “Maʼmur” fermer xo‘jaligi, Koson tumanidagi “Tog‘ayev Anvar”, Beshariq tumanidagi “Ilxomjon Olimov” va Bekobod tumanidagi “Shodiyor Temurbek fayz” fermer xo‘jaliklarida 100 sentnerdan yuqori hosil yetishtirilgan.

Dalalarida hali hosil cho‘g‘i baland bo‘lib, o‘rim-yig‘im ishlari davom etmoqda. Inspeksiya tomonidan g‘allani o‘rim-yig‘im ishlari muntazam monitoring qilib borilmoqda.

"O‘zagroinspeksiya" Axborot xizmati

Text to speech