Qishloq xo‘jaligida mo‘l hosil yetishtirishda kuzgi shudgorlashning ahamiyati katta. O‘z vaqtida, sifatli o‘tkazilgan shudgor kelgusi yil hosili uchun puxta zamin yaratadi.
Sifatli shudgorlangan maydonlarda sho‘r yuvish, yaxob suvi berish, erta bahorda tuproqni ekishga tayyorlash hamda ekish kabi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali o‘tkazishga erishiladi.
Bugungi kunda aksariyat hududlarda shudgorlash ishlari o‘z nihoyasiga yetish arafasida turibdi.
“O‘zagroinspeksiya” tomonidan ushbu tadbirni joylarda sifatli o‘tkazilishi yuzasidan mavsum davomida nazorat tadbirlari o‘tkazilib borildi.
Bunda avvalam bor, shudgorlash sifatiga, shuningdek belgilangan chuqurlikda, dala boshi va oxiri haydalganligiga va har bir konturning to‘rtburchak, yaʼni “konvert” qilib, simyog‘och va daraxtlar atrofini to‘liq shudgorlanishiga eʼtibor qaratildi.
Inspeksiya tomonidan shudgorlash mavsumida 1 mln 542 ming gektar maydonda nazorat tadbirlari o‘tkazilib, nazorat tadbirlari davomida hududlarda 46 ming 837 gektar yer maydonlarida sifatsiz yoki belgilangan chuqurlikda shudgor qilinmaganligi aniqlandi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari va viloyat hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari o‘rinbosarlariga qonun buzilishi holatlarini hamda ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish uchun choralar ko‘rish yuzasidan 13 ta hamda sohaga masʼul bo‘lgan tashkilot va idoralarga 206 ta taqdimnomalar kiritildi, shu bilan birga, sifatsiz shudgorlash ishlarini amalga oshirgan 24 120 ta fermer xo‘jaliklariga qayta shudgorlash ishlarini o‘tkazish bo‘yicha ogohlantirishlar berildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish boshqarmasi