Xabaringiz bor, Respublika bo‘ylab qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklaridan yuqori va sifatli hosil yetishtirish, maydonlarda aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish, tayyorlash, qayta ishlash va saqlash bo‘yicha o‘quv-amaliy seminarlar doimiy tashkil etib borilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri Xorazm viloyati Yangibozor tumanida faoliyat yuritib kelayotgan «Xorazm faxri» fermer xo‘jaligida urug‘lik g‘o‘za maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazilishi va Urganch tumanida faoliyat yuritib kelayotgan «Xorazm nurli zamin» fermer xo‘jaligida urug‘lik don tayyorlash bo‘yicha tashkil etildi.
Seminarda urug‘lik paxta aprobatsiyasini o‘tkazishga masʼul bo‘lgan tumanlar aprobatorlari, bosh aprobatorlar yordamchilari, olim aprobatorlar hamda "O‘zagroinspeksiya"ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlaridagi sohaga masʼul bo‘lgan mutaxassislar ishtirok etishdi hamda o‘zlarining tegishli ko‘rsatma va tavsiyalarini berib o‘tishdi.
Joriy yilgi g‘alla hosilidan viloyatda urug‘lik bug‘doyning 8 ta seleksion navlaridan avlodlari bo‘yicha jami 7 ming 735 tonna urug‘lik don jamg‘arildi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil va sifatli mahsulot yetishtirishning asosiy negizi urug‘likka bog‘liq bo‘lib, sifatli urug‘lik yetkazib berish zamirida urug‘larni yetishtirish, qayta ishlash hamda navdorlik va ekinboplik sifat ko‘rsatkichlarining davlat andozalari talablari darajasida bo‘lishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Viloyatda mavjud 3 ta urug‘likni qayta ishlash sexlarida 2025-yil hosili uchun urug‘lik donni saralash, dorilash, qadoqlash hamda sertifikatlash ishlari Inspeksiya tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, bugungi kunda mazkur sexlarda urug‘lik donni tozalash-saralash va dorilash ishlari boshlab yuborildi.
2025 yil hosili uchun jamg‘arilgan urug‘lik donni qayta ishlash — tozalash, saralash, dorilash va ekinboplik sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha sertifikatlash ishlarini qonunchilik talablari asosida tashkillashtirilishi yuzasidan qayta ishlovchi korxona rahbarlariga tegishli tartibda ogohlantirish xatlari berildi.
Bundan tashqari, joriy yilda o‘tkazilgan tender tanlovlarida g‘olib deb topilgan 154 nafar fermer xo‘jaliklarining 8 ming 841 gektar urug‘lik maydonlarida g‘o‘za parvarishi olib borilib, viloyatning tuproq-iqlim sharoitiga mos bo‘lgan serhosil Mehnat, Xorazm-150 va Xorazm-127 kabi g‘o‘za navlarining original, elita va avlodli urug‘liklaridan urug‘lik paxta jamg‘arilishi rejalashtirilgan
Bugungi kunda "O‘zagroinspeksiya"ning viloyat boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan barcha turdagi urug‘lik yetishtiruvchi subyektlarga va bosh aprobatorlarga qonunchilik talablariga rioya qilinishi yuzasidan tegishli tartibda ogohlantirish xatlari kiritilishi taʼminlandi.
Kelgusi yil hosili taqdirini belgilovchi urug‘lik aprobatsiyasi tadbirlari Inspeksiya tomonidan doimiy nazoratga olingan bo‘lib, aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan tegishli tartibda taʼsir choralari ko‘rilishi taʼminlanadi.
X.Sobirov- Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larining yetishtirilishini nazorat qilish sho‘basi boshlig‘i