“O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish sho‘basi tomonidan qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi natijasida foydalanishdan chiqishiga sabab bo‘lgan holatlar ustidan doimiy nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Mazkur tadbirlar davomida qator qonunbuzarlik holatlari aniqlandi.
Jumladan, Guliston tumani “A.Temur” massivi qishloq xo‘jaligi xaritasining 11 q-konturidagi 61 ball bonitetli sug‘oriladigan ekin yer maydonlarida 3 nafar fuqarolar tomonidan jami 0,046 gektar yer uchastkasida o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilishlar aniqlandi. Fuqarolar tomonidan sug‘oriladigan yerni qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilganligi natijasida hisoblangan zarar 24 100 033 (yigirma to‘rt million bir yuz ming o‘ttiz uch) so‘mni tashkil qilmoqda.
Xuddi shunday holat Boyovut tumani N.Maxmudov massivi hududida faoliyat yuritayotgan “Sherbo‘ta bobo” fermer xo‘jaligiga qarashli 74 qism (4049)-konturdagi bonitet balli 49 bo‘lgan 0,02 gektar (200 m2) sug‘oriladigan yer maydonida bir nafar fuqaroning o‘zboshimchalik bilan chorva mollari uchun molxona binosi qurib olishi ushbu yer maydonini qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan.
U.Yusupov massivi hududidan fuqaro T. B tomonidan 135 qism-konturdagi bonitet balli 50 bo‘lgan 0,013 gektar sug‘oriladigan yer maydonida o‘zboshimchalik bilan chorva mollari uchun molxona binosi qurib ushbu yer maydonini qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan.
Hukumatning 146-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligiga, shuningdek, yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash to‘g‘risida”gi Nizomning 50-bandiga muvofiq "Yer to‘g‘risidagi" qonunchilikka zid ravishda tegishli ruxsat olmasdan o‘zboshimchalik bilan yerlarni qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishga sabab bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yetkazilgan zarar qoplanishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Guliston tumani Boyovut hududida faoliyat ko‘rsatayotgan “Sirdaryo siri” fermer xo‘jaligi yer maydoni o‘rganilganda fermer xo‘jaligi ijarasida bo‘lgan 260q (yangi xaritada 5095q)-konturdagi ball boniteti 42 ball bo‘lgan 1,2 gektar yer maydonida 35-45 sm yerning ustki unumdor qatlami olib chiqib ketilganligi maʼlum bo‘ldi. Buning natijasida ekin yer maydoni qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan va yetkazilgan zarar summasi 523 891 166 (besh yuz yigirma uch million sakkiz yuz to‘qson bir ming bir yuz oltmish olti so‘m) so‘mni tashkil qildi.
Yuqorida aniqlangan yer qonunbuzarlikning oldini olish hamda yetkazilgan zarar miqdorini undirish yuzasidan belgilangan tartibda sudlarga daʼvo arizalari kiritilmoqda.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yer turlarini, ayniqsa sug‘oriladigan ekin yer maydonlarini avaylab saqlash, noqonuniy egallab olmaslik va o‘zboshimchalik bilan qurilish qilmaslik yuzasidan mahallalarda keng targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
K. Qodirov “O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi