Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari uchun yil o‘n ikki oy ish topiladi. Binobarin, qish fasli ham ular uchun masʼuliyatli davr. Yaʼni, bahorgi dala ishlarida qatnashadigan qishloq xo‘jaligi texnikalarini mavsumga soz holga keltirish ishlari ayni noyabr-dekabr oylariga to‘g‘ri keladi.
Jizzax viloyatida 2022 yil bahorgi dala ishlarida ishtirok etadigan qishloq xo‘jaligi texnikalarini taʼmirlash ishlari qanday ketmoqda?
Hisob-kitoblarga ko‘ra, mavsum uchun viloyat bo‘yicha 1 ming 449 dona chopiq traktori, 1 ming 322 dona kultivator, 361 dona chigit ekish seyalkasi, 304 dona yuqori unumli g‘alla o‘rish kombaynlari, 627 dona ventilyatorli va shtangali purkagichlar, 247 dona mineral o‘g‘it sepgich, 230 dona yer tekislagich, 362 dona chizel hamda 7 ming 549 dona borona tegishli dislokatsiyalar asosida belgilangan hududlarga yig‘ilib, taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu tadbirlar viloyatning Do‘stlik, Paxtakor, Zarbdor va Sh.Rashidov tumanlarida yuqori suratda davom etayapti.
-Joriy yilda ham Do‘stlik tumanida bu ishlarga barvaqt kirishilib, mavsumda qatnashadigan texnikalarni taʼmirlashda ehtiyot qismlar uchun 1 mlrd, 551 mln so‘mdan ziyod mablag‘ talab etilishi hisob-kitob qilindi va shu kecha-kunduzda maskanlarga yig‘ilgan kultivatorlarning 92 %, chopiq traktorlarning 88 %, purkagichlarning 65 %, boronalarning 61 % va chigit ekish seyalkalarning 51 % taʼmirdan chiqarildi,-deydi Inspeksiyaning tuman bo‘limi katta inspektori Bahodir Imamov. -Mineral o‘g‘it sepgich va chizellarni taʼmirlash ishlari esa to‘liq nihoyasiga yetkazilib, sifatli taʼmirdan chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari sertifikat asosida qabul qilib olinmoqda.
Shundan kelib chiqib, Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan bahorgi dala ishlarida qatnashuvchi traktorlar va boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalarini taʼmirlash ishlarining belgilangan muddatda va sifatli amalga oshirilishi ustidan doimiy monitoring o‘rnatilib, bu borada nazorat tadbirlari olib borilmoqda. Bunda taʼmirlashning sifatli bajarilishi bilan birga, mexanizator va ustalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda ehtiyot qismlar bilan to‘liq taʼminlanishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda
Xulosa o‘rnida, bugungi kunda amalga oshirilayotgan bu kabi ishlardan ko‘zda tutilgan maqsad bahorgi dala ishlarida yuqori natijadorlikka erishishdan iborat. Bu o‘z navbatida barcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan hosildorlikni oshirishga puxta zamin hozirlaydi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati