O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 325-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Traktorchi-mashinistlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, taʼlim muassasalarini hisobga olish, imtihonlarga kirish va uni o‘tkazish hamda qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikalarini boshqarish huquqini beruvchi traktorchi-mashinist guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom ijrosini taʼminlash maqsadida joylarda o‘quv seminarlari tashkil etilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanidagi kasb-hunarga o‘qitish markazida ham o‘tkazildi. “O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limi hamda tuman hokimligi, tuman IIB YHXB hamkorligida bo‘lib o‘tgan tadbir avvalida bugungi kunda mamlakatimizda aholini ish bilan taʼminlash, band bo‘lmagan fuqarolarni turli kasblarga jalb etish va ularni o‘qitish borasida olib borilayotgan islohotlar xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
Taʼkidlanishicha, qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikalarini boshqaruvchi traktorchi–mashinistlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi taʼlim muassasasi tashkil etilgani, uning amaliy tasdig‘idir.
-Bu yerda o‘qish istagida bo‘lgan o‘quvchilarning nazariy va amaliy dars mashg‘ulotlarini olib borishlari uchun barcha qulayliklar muhayyo qilingan, - deydi Inspeksiyaning Mirzacho‘l tuman bo‘limi katta inspektori Sanjar Norqulov. - Uch oy tahsil olgan bitiruvchilar esa sertifikat asosida haydovchilik guvohnomalarini olishlari mumkin. Hozirgi kunda 100 nafar o‘quvchi o‘qitilmoqda. Eʼtiborlisi, ularning asosiy qismini yoshlar tashkil qiladi.
Aytish joiz, bu kabi o‘quv markazlarning faoliyati ko‘pgina masalalar hal etibgina qolmay, sohada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan maʼmuriy huquqbuzarliklar, jumladan, hujjatsiz qishloq xo‘jaligi texnikalarini boshqarishning oldini olishga ham xizmat qiladi.
Seminar davomida ishtirokchilar o‘quv markazidagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Maʼlumot o‘rnida, bugungi kunga qadar Inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan jami 480 nafarga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarga yangi shakldagi haydovchilik guvohnomalari berilgan.
“O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi Axborot xizmati