Ру Ўз O`z En

Jizzax viloyatida baliqchilik tarmogʼini rivojlantirishda barcha imkoniyatlar yetarli

11 Noyabr 2020 2292

Mamlakatimizda qishloq xoʼjaligining alohida tarmoqlaridan biri boʼlgan baliqchilikni rivojlantirish, parhezbop va foydali mahsulotni yetishtirish hamda qayta ishlashni zamonaviy texnologiyalar asosida yoʼlga qoʼyish yuzasidan qator ishlar olib borilmoqda. Xususan, Prezidentning 2018 yil 6 noyabrdagi “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ-4005-sonli qarorida sohani yanada rivojlantirishning istiqbollari belgilab berilgan.

Mazkur qarorga muvofiq, bank, soliq va bojxona tizimlari boʼyicha tadbirkorlarga yengillik va qulayliklar yaratildi.

Mavjud imkoniyatlarni hisobga olsak, baliqchilikni yanada rivojlantirish uchun viloyatimizda suv havzalari resurslari ham, ishonchli va ilmiy asoslangan loyihalar ham yetarli, - deydi “Oʼzagroinspektsiya” Jizzax viloyat boshqarmasi- Chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish boʼlimi bosh inspektori Uchqun Mamarajabov.

Bugungi kunda, viloyatda jami 163 ta baliqchilik subʼektlari mavjud boʼlib, 5176 gektar sunʼiy suv havzalarida faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda sunʼiy suv havzalarini turli mineral va ozuqa bilan taʼminlash maqsadida 3 ming 378 tonna mineral oʼgʼit, 9 ming 636 tonna omuxta yem yetkazib berish belgilangan. Baliq yetishtirish hajmi esa 8 ming 30 tonnani tashkil etadi.

Bundan tashqari, 2020 yilga moʼljallangan Davlat dasturiga asosan vohada baliqchilik sohasini rivojlantirishga oid umumiy qiymati 33,4 mlrd. soʼm boʼlgan jami 5 ta loyihalarning manzilli roʼyxati tasdiqlangan va tashabbuskorlar tomonidan loyihalarni amalga oshirish boʼyicha tarmoq jadvallari ishlab chiqilgan, tegishli tashkilotlar bilan kelishgan holda tuman hokimlari tomonidan tasdiqlangan.

Viloyat boʼyicha bugungi kunda qiymati 13,6 million soʼmlik 11 ta loyihalar amalga oshirilgan. Bugungi kunda birgina Zafarobod tumanida 28 ta baliqchilik xoʼjaliklari faoliyat koʼrsatmoqda.

Baliqchilik oʼz-oʼzidan boʼladigan ish emas. Buning uchun katta tajriba, izlanish talab etiladi va albatta inson mazkur soha boʼyicha zarur koʼnikmaga, bilimga ega boʼlish kerak,- deydi “Oʼzagroinspektsiya” ning Zafarobod tuman boʼlimi Chorvachilikda naschilik ishini nazorat qilish boʼyicha katta inspektori Jahongir Javinboev.

Shundan kelib chiqib, sohani innovatsiyalar asosida tashkil etish, baliqchilik xoʼjaliklari egalarining bu boradagi bilim va koʼnikmalarini oshirib, ularga zaruriy tushuncha va koʼrsatmalar berilib, nazorat tadbirlarini oʼz vaqtida amalga oshirilishi natijasida tumandagi Sobir Rahimov fermer xoʼjaliklari hududiy uyushmasida joylashgan “Intensiv laqqa baliq” MChJ tomonidan 2 gektar maydonda yopiq aylanma intensiv usulda “Аmerika” laqqa baliqlari koʼpaytirilib, yil boshidan hozirgi kunga qadar 170 tonna baliq yetishtirildi.

Mazkur xoʼjalik aholiga, ichki hamda tashqi bozorlarga sifatli baliq mahsulotlarini yetkazib berish boʼyicha ilgʼorlardan biri boʼlib, uning yillik quvvati 800 tonnani tashkil qiladi. Loyihani ishga tushirishda 1 mlrd 270 mln soʼm bank krediti va 500 mln soʼm miqdorida tashabbuskorning mablagʼi yoʼnaltirilgan.

 

“Oʼzagroinspektsiya” ning Jizzax viloyat boshqarmasi

Text to speech