Ру Ўз O`z En

Jizzax viloyatida urugʼlik chigit tayyorlash tadbirlarining borishi

8 Yanvar 2021 2792

Jizzax viloyatida 2021 yil hosili uchun fermer xoʼjaliklarini yuqori sifatli urugʼlik chigit bilan taʼminlash maqsadida Viloyat qishloq xoʼjaligi boshqarmasi, “Urugʼchilikni rivojlantirish markazi” DK "Oʼzagroinspektsiya"ning viloyat boshqarmasi xodimlari, Inspektsiya qoshidagi “Аgrosanoat majmuida xizmatlar koʼrsatish markazi” DUK ning viloyat filiali hamda tumanlardagi paxta-toʼqimachilik ishlab chiqarish klaster korxonalarining mutaxassislari ishtirokida urugʼlik chigit tayyorlash tadbirlari oldidan seminar tashkil etildi.

Paxtakor tumanida joylashgan “Jizzax paxta urugʼchiligi” MChJda oʼtkazilgan mazkur seminarda urugʼlik paxta xom ashyosini qayta ishlash, shuningdek, urugʼlik chigitni tuksizlantirish, saralash hamda qishloq xoʼjalik ekinlarining kasallik va zararkurandalariga qarshi dorilash masalalariga eʼtibor qaratildi.

2021 yil hosili uchun Jizzax viloyati boʼyicha jami 2 700 tonna urugʼlik chigit tayyorlash rejalashtirilgan boʼlib, shundan Paxtakor tumani boʼyicha “Silverleafe BMB Trade Group” MChJ da 701 tonna va “SEMRUG CLUSTER” klaster korxonasida 105 tonna sara urugʼlik chigit jamgʼarish belgilangan.

-“Joriy yil hosili uchun klaster korxonalari tomonidan urugʼlik chigitni dorilashda talab etiladigan urugʼdorilagichlar, qogʼoz qoplar, yorliq va ip zaxiralari toʼliq shakllantirildi”, - deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi Paxtakor tuman boʼlimi qishloq xoʼjaligi ekinlari urugʼlari yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish shoʼʼbasi katta inspektori Raʼno Boltaeva. – 2021 yilda gʼoʼzaning “Sulton”, “Buxoro-102”, “Genafond” va “Paxtakor-3” singari viloyat tuproq-iqlim sharoitiga mos, ertapishar va hosildor navlarini ekish koʼzda tutilgan.

 

                                                                                       Seminar jarayonidan lavha
Taʼkidlash kerakki, urugʼlik chigitni tozalash-saralash, tuksizlantirish va dorilash ishlari soha xodimlaridan jiddiy masʼuliyatni talab qiladi. Аyniqsa, mazkur tadbirlarning davlat standarti talablari asosida bajarilishi paxtadan moʼl hosil olishning asosiy omillaridan hisoblanadi.

Maʼlumot uchun, chigit ekishda Davlat reestri roʼyxatidan oʼtgan, Oʼzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan gʼoʼza navlaridan 94 tonna elita, 369 tonna birinchi, 1 862 tonna ikkinchi va 376 tonna uchinchi avlodli urugʼlik chigitini ekish rejalashtirilgan.

Viloyatda ekilishi belgilangan urugʼli chigitlar tuksizlantirilgan holda tayyorlanishi hamda nav tozaligi superelita va elita avlodli urugʼlik chigitda 100%, birinchi avlodda 99%, ikkinchi avlodda 98%, uchinchi avlodda 96% dan kam boʼlmasligi, shuningdek, unuvchanlik, ifloslik, namlik, mexanik shikastlanganlik va qoldiq tola koʼrsatkichlari kabi sifat koʼrsatkichlari davlat standartlari talablariga mos boʼlishi kerak.

Muloqot asosida boʼlib oʼtgan seminarda, belgilangan talablar tushuntirilib, turli kasallik, zararkunanda va mikroorganizmlardan himoya qilishda urugʼlik chigitni sifatli dorilash, ushbu jarayonda urugʼlik mahsulotning sifatiga, kimyoviy preparatlardan ishchi eritma tayyorlash meʼyorlariga va joylarda sanitariya-gigienik talablarni taʼminlash qoidalariga amal qilish zarurligi taʼkidlandi.

Tadbir yakunida qatnashchilar “Jizzax paxta urugʼchiligi” MChJ korxonasining bu boradagi texnik va texnologik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.

Bugungi kunda, sifatli urugʼlik chigit tayyorlash jarayonlari “Oʼzagroinspektsiya”ning Paxtakor tuman boʼlimi va hamkor tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhi tomonidan doimiy nazoratga olingan.

 

“Oʼzagroinspektsiya” ning Jizzax viloyat boshqarmasi

Аxborot xizmati

Text to speech