Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l qurilish texnikalarining texnik holatini nazorat qilishni samarali tashkil etish maqsadida, joylarda “O‘zagroinspeksiya” va IIV YHXB bilan hamkorlikda haftaning payshanba kunlari qo‘shma reydlar tashkil etilib, nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning iyul oyida respublika bo‘yicha jami 572 ta qo‘shma reydlar tashkil etilib, unda 1 ming 786 ta qonunbuzarlik holatlari aniqlangan.
Jumladan, 477 ta holatda texnikalardan texnik jihatdan foydalanish qoidalarini qo‘pol ravishda buzish va texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan undan foydalanish, shuningdek, 81 ta holatda texnikani boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning texnikalarni boshqarish holatlari aniqlangan.
Ushbu aniqlangan holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
O‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida:
54 ta holatda yoritish chiroqlari nosoz va nur qaytargichlari bo‘lmagan traktorlardan foydalanish holatlari aniqlanib, mulk egalari tomonidan ushbu kamchiliklar joyida bartaraf etilishi;
294 ta holatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan foydalanib kelinayotgan texnikalar aniqlanib, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi;
872 ta holatda texnik ko‘rikdan o‘tkazilmasdan foydalanib kelinayotgan texnikalar aniqlanib, ushbu texnikalar joyida harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalanib texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi taʼminlandi.
Texnikalarning texnik holatini nazorat qilish bo‘yicha nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Inspeksiyaning texnika holatini nazorat qilish boshqarmasi