“Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Respublika hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlarining Davlat reyestrini yuritish belgilangan bo‘lib, viloyat hokimliklari hamda paxta-to‘qimachilik klasterlari va kooperatsiyalarning dastlabki takliflari asosida joriy yilda ekiladigan g‘o‘za navlarining hududlar kesimidagi ro‘yxati shakllantirilib Davlat reyestriga kiritildi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 martdagi “Mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish va 2021 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish to‘g‘risida”gi 121-sonli qarorining 7-ilovasi bilan joriy yil hosili uchun ekiladigan g‘o‘za navlari hududlar kesimida belgilab berildi.
Qarorga binoan 2021 yil hosili uchun 20 ta ertapishar va 5 ta o‘rtapishar navlar ekiladigan maydonlar viloyatlar kesimida belgilanib, joriy yilda ham asosiy maydonlarda ertapishar Sulton navi 187 ming 795 gektar, Buxoro-102 navi 154 ming 758 gektar, o‘rtapishar Buxoro-6 navi esa 76 ming 436 gektarni tashkil etadi.
Qarorning 10-ilovasida asosiy maydonga talab etiladigan urug‘lik chigit miqdori 59 ming 141 tonna qilib belgilangan bo‘lib, bugungi kunda paxta-to‘qimachilik klasterlari va kooperatsiyalar tomonidan talabdan kelib chiqqan holda 57,5 ming tonna urug‘lik chigit tayyorlandi. Shundan 24,8 ming tonnasi tuksizlantirilgan, 32,7 ming tonnasi tukli urug‘lik chigitni tashkil qiladi.
Inspeksiya huzuridagi Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi davlat unitar korxonasi tomonidan urug‘lik chigit to‘dalarini sertifikatlash ishlari davom ettirilib, bugungi kunda 42,4 ming tonna urug‘lik chigit to‘dalaridan namunalar qabul qilingan. Shundan 35,8 ming tonnasiga muvofiqlik sertifikati berilishi taʼminlangan bo‘lsa, 5,9 ming tonnasi uchun laboratoriya tahlillari davom ettirilmoqda.
Urug‘lik chigit to‘dalaridan yuborilgan namunalarning ekinboplik sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar davomida 460 tonna urug‘lik chigit ekishga yaroqsiz deb topilgan. Bular asosan Namangan viloyatidan yuborilgan 280 tonna, Farg‘onada 94 tonna, Toshkent viloyatida 58 tonna, Surxondaryoda 26 tonna va Qashqadaryodan yuborilgan 3 tonna urug‘lik chigit to‘dalarida kuzatilgan.
Umuman olganda, Inspeksiya va uning hududiy boshqarmalari tomonidan Vazirlar Mahkamasining qarorida berilgan topshiriqlar ijrosi nazoratga olingan bo‘lib, 2021 yil hosili uchun urug‘lik chigit yetkazib berish hamda g‘o‘za navlarini oqilona joylashtirish bo‘yicha qator nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
N.Ismailov, Urug‘lik paxta xomashyosi chigiti yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i