Ру Ўз O`z En

Joriy yilda Аndijon viloyatida 30 ming gektarga yaqin maydonga suv tejovchi texnologiyalar oʼrnatiladi

12 Mart 2021 1930

Qishloq xoʼjaligida ekinlar uchun rejalashtirilgan suv resurslarini yildan yilga taqchilligi sezilib, togʼlardagi muz va qor zaxiralari keskin kamayayotgan bir davrda serquyosh diyorimizda yetishtiriladigan qishloq xoʼjaligi mahsulotlari asosan sugʼoriladigan maydonlarda yetishtirilishi bu masalani yildan yilga dolzarbligini kuchaytirib bormoqda. Bu esa nafaqat suv xoʼjaligi xodimlari, dehqonlar balki oddiy insonlarning ham suvning har tomchisini tejab tergab foydalanishini taqazo etadi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezdentining 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xoʼjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etilishini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-4919-sonli qarori ham suvni taqsimlanishini oldini olish, suvni tejaydigan yangi texnologiyalari joriy qilish orqali mahsulot yetishtirishda sifat va hosildorlikni yanada oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Mazkur qaror ijrosini muddatida va sifatli taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasining Аndijon viloyati boshqarmasi tomonidan amaliy ishlar qilinmoqda.

Аndijon viloyatida mazkur qarorga asosan viloyat boʼyicha 27 985 gektar maydonga tomchilatib sugʼorish, 100 gektar maydonga yomgʼirlatib sugʼorish texnologiyasini joriy etilishi belgilangan.

Shundan, 27110 gektar paxta, 740 gektar bogʼ, 136 gektar tokzorlarda tomchilatib sugʼorish, 100 gektar gʼalla ekilgan maydonlarda yomgʼirlatib sugʼorish texnologiyasi joriy etiladi.

Ushbu ishlarni amalga oshirishda viloyatning Norin-Qoradaryo havza boshqarmasi hamkorligida, havza boshqarmasining yuqori unumli ekskavatorlari yordamida yer ishlarida suv tindirgich-hovuzlarini qazib berish ishlariga jalb qilingan boʼlib, hozirda viloyat boʼyicha 802 ta hovuzlar kovlandi.

Jumladan, viloyatning 14 tumanida 27985 gektar yer maydonida suvni tejovchi texnologiya oʼrnatilishi rejalashtirilgan boʼlib, hozirda 802 ta loyihalar boʼyicha qurilish ishlari olib borilmoqda va 14161 gektar maydonga suvni tejovchi uskunalar oʼrnatilmoqda.

Xususan, Shahrixon tumaning “Sahovat teks” klaster korxonasi tomonidan 1000 gektar maydonga suv tejamkor uskunalar oʼrnatish ishlari olib borilmoqda.

Har bir loyiha boʼyicha pudratchi tashkilotlari oʼrtasida shartnomalar tuzilib, ish hajmlari va ularni bajarish muddatlari belgilab olingan. Oʼtgan 2019 yil va 2020 yillar natijalari boʼyicha texnologiyalarni joriy qilishda klaster korxonalari va fermer xoʼjaliklari tomonidan har gektar yer hisobiga suvni 40 foizgacha tejashga va hosildorlik 15-20 sentnergacha oshirishga erishildi.

Xususan Аndijon tumani I.Bakirov massividagi “GOLD FIBER COTTON” fermer xoʼjaligida 2019 yilda 15 gektarli paxta maydonida tomchilatib sugʼorish texnologiyasi joriy qilingan edi. 2020 yil paxta hosilida 12 gektar paxta maydonidan 35-40 sentnergacha hosil olindi.

Xuddi shu tumaning B.Omonov massividagi “Nihol” fermer xoʼjaligiga qarashli 10 gektarli paxta madonidan ham 35-40 sentnergacha hosil olishga erishilgan.

Shunga qaramay, belgilangan tartibda qishloq xoʼjaligi ekinlarini sugʼorishda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilinishi yuzasidan oʼtkazilgan oʼrganishlarda jami 21 ta holatda kamchiliklarga yoʼl qoʼyilganligi aniqlandi.

Oʼz navbatida, suvni tejaydigan sugʼorish texnologiyalarini joriy etishga koʼmaklashuvchi viloyat va tumanlar ishchi guruhlarining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishdagi masʼuliyatini keskin oshirish choralarini koʼrish boʼyicha tegishli korxona, muassasa, tashkilot, rahbariga mazkur qarorda belgilangan topshiriqlarni ijrosini oʼz vaqtida bajarilmay qolishi va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar koʼrish toʼgʼrisida 3 ta yozma koʼrsatma va taqdimnomalar kiritildi.

Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 18 ta suvni tejaydigan sugʼorish texnologiyalarini joriy etuvchi talabgorlar hamda pudratchi tashkilot rahbarlariga rasman ogohlantirishlar berildi.

 

U.Аbdullaev, Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʼlimi bosh inspektori:

M.Аbduraxmonov, Inspektsiyaning Аndijon viloyat boshqarmasining qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi bosh inspektori:

Text to speech