Ру Ўз O`z En

Joriy yilda kartoshka ekiladigan maydonlarga 58,5 ming tonna urug‘lik kartoshka yetishmasligi maʼlum bo‘ldi

23 Mart 2021 1922

Joriy yilning 4 mart kuni qabul qilingan Hukumatning 121-sonli qaroriga asosan 2021 yil hosili uchun joriy yilda Respublikaning asosiy maydonlarga 166,3 ming gektar sabzavot, 71,5 ming gektar poliz va 50,7 ming gektar kartoshka hamda bog‘-tok qator oralariga 65,1 ming gektar sabzavot, 8,2 ming gektar poliz va 2,9 ming gektar kartoshka ekish belgilab berilgan.

"O‘zagrinspeksiya" faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari va tuman inspektorlari tomonidan, 2021 yil hosili uchun asosiy va bog‘-tok qator oralariga ekiladigan sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarining joylashtirilishi hamda talab etiladigan, mavjud va yetishmaydigan urug‘liklar to‘g‘risida joriy yilning o‘tgan oyida o‘rganishlar o‘tkazildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, bugungi kunda asosiy va bog‘-tok qator oralariga ekiladigan sabzavot urug‘liklarning 14 ming 477 tonna hamda poliz urug‘liklardan 70,4 tonnasi mavjud ekanligi maʼlum bo‘ldi.

Shuningdek, joriy yilda 53,6 ming gektar kartoshka ekiladigan maydonlarga 188 ming tonna urug‘lik kartoshkalar talab etilib, bugungi kunda 58,5 ming tonna urug‘lik kartoshkalar yetishmasligi aniqlangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, markaziy apparatning Ko‘chatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirishni nazorat qilish bo‘limi tomonidan, inspeksiyaning hududiy boshqarmalariga   2021 yil hosili uchun ekiladigan maydonlarda yetishmaydigan sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari urug‘liklari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni mahalliy xokimliklarga yetkazish, qishloq xo‘jaligiga masʼul bo‘lgan viloyat va tuman tashkilotlarini inspeksiya vakolati doirasida yozma ravishda ogohlantirish xatlarini kiritish, mavjud urug‘liklarni davlat standarti talablari doirasida saqlanishi, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga o‘z vaqtida sifatli yetkazib berilishi hamda muvofiqlik sertifikati va tegishli hujjatlarining  mavjudligi ustidan doimiy nazorat o‘rnatib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mazkur qaror ijrosi joylarda mavsum davomida Inspeksiya tomonidan to‘liq nazorat qilib boriladi va qaror ijrosini taʼminlamagan tashkilotlarning masʼul xodimlariga nisbatan  MJtKning 1041 -1042- moddalari bilan qonuniy qatʼiy choralar ko‘riladi.

 

"O‘zagroinspeksiya" Axborot xizmati

Text to speech