Ру Ўз O`z En

Joriy yili Аndijonda 27 ming gektar yerda paxtani tomchilatib sugʼorish tizimi yoʼlga qoʼyiladi

10 Fevral 2021 2204

Ekspertlarning fikricha, qishloq xoʼjaligi ekinlari hosildorligining pasayishi, baʼzi hollarda esa boy berilishi suv taqchilligi muammosi bilan bogʼliq. Bu vaziyatni yumshatish uchun sugʼorish tizimida tejamkor texnologiyalarni joriy etish, tomchisi tilloga teng obi-hayotni behuda isrof boʼlishining oldini olish talab etiladi.

Mamlakatimizda tomchilatib sugʼorish tizimlarini joriy qilishni yanada kengaytirish maqsadida, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xoʼjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” gi PQ 4919-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror ijrosini taʼmilash hamda suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, qishloq xoʼjaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish tadbirlari Аndijon viloyatda jadal amalga oshirib kelinmoqda.

Viloyat suv resurslari manbalari boʼyicha respublikamizning boshqa hududlariga nisbatan (jumladan Fargʼona vodiysi viloyatlari orasida ham) maqbul geografik joyda ekanligi vegetatsiya davrining eng qizgʼin pallasida ham suv bilan taʼmilanishida bir muncha afzalliklarga ega.

Joriy yilda Аndijon viloyatining 27 ming 110 gektar yer maydonida paxtani tomchilatib sugʼorish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan boʼlib, oʼtgan 2020 yilga nisbatan 5 barobarga koʼpdir.

Belgilangan reja tadbirini amalga oshirish uchun viloyatda faoliyat koʼrsatayotgan 1214 ta fermer xoʼjaliklari va 11 ta klaster yoʼnalishidagi korxonalar bilan texnologiyani qurib, ishga tushurish boʼyicha pudrat tashkilotlari bilan shartnomalar tuzilib, moliyaviy masalalar- bank kreditlari, davlat tomonidan ajratiladigan subsidiya mablagʼlari ham toʼliq hal qilindi. Viloyatda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʼyicha Jalaquduq tumanidagi “Obod dala saltanati” va Oltinkoʼl tumanidagi “Bunyodkor Meliorator” fermer xoʼjaliklarida boʼlib oʼtgan koʼrgazmali seminarda Respublika ish guruhi ham ishtirok etib, mazkur tadbir bilan bogʼliq tayyorgarlik ishlari koʼzdan kechirildi.

Seminarda sugʼoriladigan maydonlarda suvni tejaydigan texnologiyalarni loyihalash, qurish va montaj qilish, ulardan foydalanishda koʼmaklashadigan servis xizmatini koʼrsatuvchi guruhlarning vazifalari tushuntirildi.

“Oʼzagroinspektsiya” ning Аndijon viloyati boshqarmasi qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan suv resurslari va yerlardan foydalanishni nazorat qilish boʼlimi tomonidan mazkur dolzarb tadbirni oʼz muddatida sifatli bajarilishi, joriy qilish davrida yuzaga keladigan muammolarni xizmat koʼrsatuvchi korxonalar hamkorligida bartaraf etish va nazorat qilish toʼliq amalga oshiriladi.

Oʼtgan yilda orttirilgan tajribalar va bu texnologiyalarni afzalliklarining amaldagi isboti, ushbu tadbirni soʼzsiz bu yil ham sifatli va toʼliq amalga oshirilishida zamin yaratadi, deb hisoblaymiz.

“Oʼzagroinspektsiya”ning Аndijon viloyati boshqarmasi

Text to speech