"Oʼzagroinspektsiya" faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy-normativ hujjatlarga asosan, agrosanoat tizimida qonunchilik ijrosining nazorati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi zimmasiga yuklatilgan.
Vazifalar ijrosini oʼz vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan Inspektsiya organlari tomonidan xoʼjalik yurituvchi subʼektlarda qonunchilik ijrosiga rioya etilishi yuzasidan doimiy ravishda monitoring-tahlil tadbirlari oʼtkazilmoqda.
Аmmo, oʼtkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida Respublikamiz agrosanoat tizimini bozor talablari va xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida qator farmon va qarorlar qabul qilinib, keng qamrovli imtiyoz va imkoniyatlar yaratib berilayotganiga qaramasdan qonunbuzilish holatlari aniqlanmoqda.
Jumladan, Inspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʼlimlari tomonidan 2020 yilning yanvarь-noyabrь oyi davomida jami 4 ming 856 marotaba nazorat tadbirlari oʼtkazilgan boʼlib, 1 ming 752 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Mazkur qonunbuzilish holatlar yuzasidan 280 mln 657 ming 100 soʼm miqdorida jarima qoʼllanilgan boʼlib, shundan 261 mln 16 ming soʼmi undirildi.
Qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan klaster korxonalari, fermer xoʼjaliklari rahbarlari va tadbirkorlarga nisbatan 189 ta yozma koʼrsatmalar berildi. Mazkur holatlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli sohalar rahbarlariga 56 ta taqdimnoma kiritilib, 891 ta maʼmuriy qarorlar qabul qilindi.
Oʼtkazilgan nazorat tadbirlari davomida 981 holatda qishloq xoʼjaligi moʼljallangan yer resurslaridan samarasiz foydalanish, 682 holatda qishloq xoʼjaligiga moʼljallangan suv resurslaridan foydalanishda isrofgarchilik va qonunbuzilishga yoʼl qoʼyilishi, 631 holatda qishloq xoʼjaligi mahsulotlari yetishtirishda agrotexnik tadbirlarning sifatsiz oʼtkazilishi, 471 holatda qishloq xoʼjaligi, melioratsiya va yoʼl, qurilish texnikasidan foydalanishda belgilangan Nizom talablarining buzilishi singari holatlar aniqlandi.
Shuningdek, joriy yilning 11 oyi davomida Inspektsiyaning Tayloq tuman boʼlimi tomonidan 542 ta nazorat tadbirlari oʼtkazilgan boʼlib, shundan 186 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan boʼlsa, Inspektsiyaning Pastdargʼom tumani boʼlimi tomonidan oʼtkazilgan 502 ta nazorat tadbirlaridan 150 tasida, Inspektsiyaning Urgut tumani boʼlimi tomonidan oʼtkazilgan 424 ta nazorat tadbirlaridan 269 tasida, Inspektsiyaning Kattaqoʼrgʼon tumani boʼlimi tomonidan oʼtkazilgan 301 ta nazorat tadbirlaridan 150 tasida qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Inspektsiya organlari tomonidan oʼtkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida aniqlangan qonunbuzilish holatlarining oldini olish, tizimda qonun ustuvorligini taʼminlash, klaster korxonalari va fermer xoʼjaligi rahbarlarining huquqiy bilim va madaniyatini oshirish yuzasidan ommaviy huquqiy-targʼibot tadbirlari oʼtkazishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, “Oʼzagroinspektsiyasi” oldida turgan oʼta muhim va dolzarb vazifa, qonunbuzilish holatlarini aniqlash emas balki, uning oldini olish, sohada kuchli qonunchilik bazasini shakllantirish, qonunchilik ijrosi yuzasidan ochiq va shaffof tizimni yaratishdan iboratdir.
А. Hayitov, А. Radjabov, Inspektsiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi
Maʼmuriy amaliyot boʼlimi inspektorlari