Buxoro viloyatida 2021 yil hosilidan urug‘lik paxta yetishtirish, urug‘lik uchun ekilgan maydonlarda g‘o‘za navlarining joylashtirilishi hamda vegetatsiya davrida olib borilayotgan zaruriy agrotexnik tadbirlarning borishi “O‘zagroinspeksiya”ning Buxoro viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, qator tadbirlar olib borilmoqda.
Xususan O‘zbekiston Respublikasi “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 575-sonli qarori talablarini joylarda bajarilishiga alohida urg‘u berilmoqda.
Viloyatda joriy yil hosilidan urug‘lik paxta yetishtirish huquqini qo‘lga kiritish maqsadida 317 nafar talabgorlardan arizalar qabul qilinib, tumanlarda tashkil etilgan tanlov komissiyalarining qaroriga binoan tanlovlar natijasida 241 nafar subyektlar g‘olib deb topildi.
Chigit ekish mavsumida 241 nafar fermer xo‘jaliklarining 11 504,2 gektar maydonlarida viloyat uchun rayonlashtirilgan Buxoro-6, Buxoro-8, Buxoro-10 va Buxoro-102 navlarining elita hamda birinchi avlodiga mansub urug‘lik chigitlarning ekilishi Inspeksiya nazoratida olib borildi.
Ushbu maydonlarning barchasidan urug‘lik paxta xom-ashyosi terib olinishi belgilangan bo‘lib, shundan 462,1 gektarini elita xo‘jaliklaridagi birlamchi urug‘lik materiallari, 8 387,9 gektarini elita, 2 654,2 gektarini birinchi avlodli urug‘lik maydonlari tashkil qiladi.
Bugungi kunda urug‘lik paxta maydonlarining 6 825,4 gektari 3-4 chinbarg, 4 678,8 gektari 5-6 chinbarg fazasida bo‘lib, 11 155,6 gektar yoki 96,9 foiz maydonlarda chuqur yumshatish, 10 535,5 gektar yoki 91,6 foiz maydonlarda birinchi suspenziyalash tadbirlari o‘tkazilib, 9 378,4 gektar yoki 81,5 foiz maydonlarda mineral o‘g‘itlar bilan birinchi oziqlantirish tadbirlari o‘z vaqtida amalga oshirildi.
Inspeksiya tomonidan urug‘lik paxta maydonlarida olib borilayotgan zaruriy agrotexnik tadbirlarning borishi muntazam monitoring qilib borilmoqda.
Behzod BAXRONOV,
“O‘zagroinspeksiya”ning Buxoro viloyat boshqarmasi
bosh inspektori
Neʼmat Ismailov,
“O‘zagroinspeksiya”ning Urug‘lik paxta xom ashyosi chigiti
yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i,