Ру Ўз O`z En

Iyun oyi g‘o‘za parvarishida muhim palla

11 Iyun 2024 1508

Iyun oyi g‘o‘za parvarishida muhim va dolzarb palla hisoblanadi. Ayni sabab, paxta to‘qimachilik klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘o‘za parvarishida muhim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar qizg‘in tus olgan.  

Mazkur jarayonda g‘o‘za agrotexnik tadbirlarining kechiktirmasdan o‘tkazilishi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan monitoring qilib borilmoqda.

Bugungi kunda g‘o‘za agrotexnikasida barcha tadbirlar, jumladan qator oralariga ishlov berish, chuqur yumshatish, begona o‘tlardan tozalash, azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, suspenziya sepish, g‘o‘za zararkunandalari va hasharotlarga qarshi kurash ishlari tizim asosida tashkil etilmoqda.

Albatta, ushbu agrotexnik tadbirlarni sifatli va o‘z vaqtida o‘tkazilganligi natijasida o‘tgan bir hafta davomida “shonalagan” maydonlar 390-395 ming gektarga, “gullagan” maydonlar esa 60-62 ming gektarga ko‘paydi.

Inspeksiya tomonidan g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarning o‘tkazilishi yuzasidan muntazam monitoring tadbirlari o‘tkazib borilmoqda.

O‘tkazilgan monitoring tadbirlariga ko‘ra, respublikada parvarish qilinayotgan 1 mln 12 ming 445 gektar g‘o‘za maydonlarning bugungi kunda 252 ming gektari yoki 25 foizi 5-6 barg, 697 ming gektari yoki 69 foizi shonalash hamda 62 ming gektari yoki 6 foizi gullash fazasida rivojlanmoqda.

Shuningdek, g‘o‘za qator oralarini kultivatsiya qilish ishlari mavsum boshidan buyon jami 3,6 marta, chopiq qilish ishlari 3,1 marta, chuqur yumshatish ishlari 2,2 marta, g‘o‘zani bargidan oziqlantirish ishlari 2,7 marta, g‘o‘zani mineral o‘g‘it bilan 2-oziqlantirish ishlari 230 ming gektar yoki 23 foiz maydonda amalga oshirilganligi aniqlandi.

Shu bilan birga Inspeksiya tomonidan hududlarda parvarish qilinayotgan g‘o‘za maydonlarida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi yuzasidan mavsum davomida 11 ming 885 ta monitoring tadbirlari o‘tkazib, 15 ming 287 ta fermer xo‘jaliklarining 106 ming gektar g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni bajarilishida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Ushbu aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida, soha masʼullariga 179 ta taqdimnoma ham fermer xo‘jaliklari va klasterlarga 11 ming 706 ta ogohlantirishlar berildi.

O‘zagroinspeksiyaning hududiy boshqarma va tumanlar bo‘limlari bilan birgalikda, g‘o‘za parvarishida o‘tkazilayotgan barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z muddatda va sifatli bajarilishi ustidan kunlik nazorat yuritib borilib, yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rib boriladi.  

Inspeksiyaning Qishloq    xo‘jaligida     agrotexnik tadbirlar  o‘tkazilishini  nazorat qilish bo‘limi

Text to speech