O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-dekabrdagi 653-sonli qarori bilan “O‘zagroinspeksiya” vazifa va funksiyalariga o‘zgartirishlar kiritilib, quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat boshqaruvi takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 653-sonli qarori bilan Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 575-son qaroriga quyidagi o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritilgan:
1. 575-qaror bilan Inspeksiya davlat boshqaruvi organidan respublika ijro etuvchi organiga o‘tkazilgan hamda o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida O‘zbekiston Respublikasining agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish vazifalarini amalga oshirishi belgilangan.
2. Inspeksiyaning asosiy vazifalari:
I.Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larining yetishtirilishini nazorat qilish yo‘nalishida:
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 13-maydagi 282-son qarori 14-bandiga muvofiq mevali daraxt va tok ko‘chatlarini sertifikatlashtirish, mevali daraxt, tok ko‘chatlari hamda ulardan qayta ishlangan mahsulotlar sifatini majburiy davlat tekshiruvini o‘tkazish hamda urug‘chilik sohasiga jahon yutuqlarini tatbiq etish, urug‘lar sifatini xalqaro va milliy standartlari asosida aniqlash va sertifikatlashtirish ustidan;
Qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘lik va ko‘chat materiallarini laboratoriya sharoitida sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash va sertifikatlash bo‘yicha ishlarning amalga oshirilishi ustidan;
import qilinayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘lik va ko‘chat materiallarida geni modifikatsiyalangan organizmlarning (GMO) hamda xavfli yashirin virusli kasalliklarning mavjudligi aniqlanishi ustidan;
paxta, boshoqli don va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari hamda ularning qayta ishlangan mahsulotlari bo‘yicha doimiy hamda davriy sinash va sertifikatlashtirish ishlarining o‘tkazilishi ustidan;
qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘lik va ko‘chat materiallarini maxsus sinash uchastkalarida ekish hamda genetik sofligi sifatini tekshirish orqali ularning muayyan turga va navga mansubligi, shuningdek, nav jihatdan sofligi bo‘yicha o‘tkaziladigan baholash ishlari ustidan nazorat qilish vazifasi qo‘shimcha kiritilgan.
II. Paxta xom-ashyosi, don va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish yo‘nalishida:
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, qayta ishlovchi korxonalar tomonidan texnik chigitni to‘liq texnologik siklda (mag‘izni yanchish, gidrotermik ishlov berish, presslash, ekstraksiyalash, rafinatsiyalash, dezodoratsiyalash va qadoqlash) maqsadli qayta ishlanganligi va mahsulot sifatini tasdiqlovchi gigiyenik xulosaning mavjudligi hamda texnik reglament va standartlar bilan belgilangan majburiy talablarga muvofiqligi taʼminlanganligi ustidan;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, qayta ishlovchi korxonalarda 3 va undan yuqori sinflardagi bug‘doydan un ishlab chiqarish bo‘yicha quvvatlarning mavjudligi hamda ularda texnologik jarayonlarning belgilangan talablarga mos kelishi, mahsulot sifatini nazorat qiladigan laboratoriyalar faoliyatining texnologik sikli bo‘yicha to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi ustidan nazorat qilish vazifasi qo‘shimcha kiritilgan.
III. Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish yo‘nalishida:
qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish va ekish bilan bog‘liq hamda o‘sish (vegetatsiya) davrida bajariladigan agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda mineral o‘g‘itlar hamda kasallik va zararkunandalarga qarshi qo‘llaniladigan kimyoviy preparatlar, shuningdek, biomahsulotlarning normativ hujjatlar talablariga muvofiq ishlab chiqarilishi, saqlanishi, realizatsiya qilinishi va maqsadli qo‘llanilishi ustidan nazorat qilish vazifasi qo‘shimcha kiritilgan.
IV. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish yo‘nalishida:
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni muhofaza qilish bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirilishi, bunda:
qishloq xo‘jaligi yerlaridan belgilangan maqsadlarda foydalanishi ustidan;
tuproqning unumdor qatlamlarining ruxsatsiz olib tashlanishi, ko‘chirilishi va yo‘q qilinishini taqiqlash hamda yerlarning qishloq xo‘jaligi foydalanishidan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik ustidan;
qishloq xo‘jaligi yerlarida o‘tkaziladigan xatlov va tuproq sifatini aniqlash ishlarining belgilangan tartibda amalga oshirilishi ustidan;
sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlariga qishloq xo‘jaligi ekinlarining ekilmasdan qolish holatlari ustidan;
yerlarni rekultivatsiya qilish bo‘yicha talablarga rioya etilishi ustidan;
o‘zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqishga sabab bo‘lgan holatlar natijasida yetkazilgan zararlarning undirilishi ustidan nazoratni amalga oshirish vazifasi kiritilgan.
V. Texnika holatini nazorat qilish yo‘nalishida:
idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar, qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarining texnik holati, ekspluatatsiya qilinishi samaradorligi, shuningdek, servis va taʼmirlash xizmatlarining sifati bo‘yicha nazoratni amalga oshirishi belgilangan.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini ishlab chiqaruvchi yoki maxsus savdo tashkilotlarida xaridorlarga sotilgan yangi texnikalar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan hujjatlar bilan birga Inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan “Hisob-maʼlumotnoma” berishi;
Inspeksiya tomonidan mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan amalga oshiriladigan nazorat tadbirlari, istisno tariqasida, tekshiruvlarning «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olinmagan holda amalga oshirishi belgilangan.
VI. Meʼyoriy hujjatlar ijrosini nazorat qilish, sertifikatlash va metrologiya yo‘nalishida:
paxta va boshoqli don ekinlari urug‘lari sifatini aniqlash usullarini ishlab chiqish, tasdiqlash va takomillashtirish hamda urug‘lik yetishtirish va uning sifatini aniqlash bo‘yicha texnik reglamentlar hamda standartlar, metodikalar va yo‘riqnomalar ishlab chiqishda ishtirok etadi;
Agrosanoat majmui sohasida standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitani tashkil qilish va uning faoliyat yuritishini taʼminlaydi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi majburiy bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatini shakllantirishda ishtirok etadi hamda agrosanoat majmui sohasidagi mahsulot turlari bo‘yicha ruyxatga kiritilishi yoki chiqarilishi yuzasidan xulosalar berish vazifasi qo‘shimcha kiritilgan.
3. 2023-yil 10-iyundagi PF-90-Farmon 8-bandi a-qismiga muvofiq Inspeksiyaga vakolatlar doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirish va aybdor shaxslarni jarimaga tortish vakolati berildi.
Sh.Bo‘ronov, Inspeksiyaning Yuridik taʼminlash bo‘yicha bosh mutaxassisi