Ру Ўз O`z En

Kelgusi yil hosili uchun urugʼlik kartoshka jamgʼarish qizgʼin pallada

9 Noyabr 2020 2000

Mamlakatimizda kartoshkani bejizga ikkinchi non deya atashmaydi. Buning oʼziga yarasha sabablari bor. Har yili Respublikamiz aholisi isteʼmoli uchun 130 ming gektar maydonlarda 2,9 mln. tonnaga yaqin kartoshka yetishtirib kelinadi.

Yetishtirilayotgan kartoshka hosilining katta qismi Toshkent, Samarqand, Namangan, Fargʼona va Surxondaryo viloyatlari hissasiga toʼgʼri keladi.

Kartoshkachilikda urugʼchilik, navlarni toʼgʼri tanlash va agrotexnologik tadbirlarni oʼz vaqtida oʼtkazilishi hosildorlikka oʼz taʼsirini koʼrsatadi. Birgina sifatli urugʼlik va nav toʼgʼri tanlanganda har bir gektaridan olinayotgan oʼrtacha hosil 400 sentnergacha yetadi.

Hukumat tomonidan kartoshkachilikda bu koʼrsatgichni muhimligini inobatga olib, har yili oʼrtacha 10-12 ming tonna urugʼlik chetdan keltiriladi. Joriy yilda ham 10,4 ming tonna 4 mln. dollarlik kartoshka urugʼligi boshqa davlatlardan import qilindi.

Ushbu chetdan keltirilib ekilgan maydonlarda urugʼlik kartoshka yetishtirish va uni kelgusi yil hosili uchun jamgʼarish ishlari “Oʼzagroinspektsiya”ning hududiy boshqarmalari tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 maydagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urugʼchiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-4704-sonli qarori bilan “Oʼzagroinspektsiya”ga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib hamda 2020 yil hosili uchun kartoshka ekish mavsumida yuzaga kelgan urugʼlik tanqisligining oldini olish maqsadida, inspektsiyaning hududiy boshqarmalari tomonidan 2021 yil hosili uchun mahalliy va chetdan keltirib ekilgan urugʼlik kartoshka maydonlari va ulardan kutiladigan hosil hamda urugʼlik jamgʼarish hajmlari oʼrganib chiqildi.

Oʼtkazilgan yakuniy aprobatsiya natijalariga koʼra, takroriy ekin sifatida kartoshka ekilgan jami 34,4 ming gektar maydonlardan 566,4 ming tonna, shundan, urugʼlik uchun ekilgan 6,3 ming gektar maydonlardan 53,8 ming tonna, shu jumladan, joriy yilda chetdan keltirib, urugʼlik uchun ekilgan 4,4 ming gektar maydonlardan 2021 yil hosili uchun yuqori avlodga mansub 32,8 ming tonna kartoshka urugʼligi jamgʼarish koʼzda tutilmoqda.

Misol uchun birgina, Toshkent viloyatining Boʼstonliq tumanida tashkil etilgan “Boʼstonliq kartoshkachilik markazi” MChJ tomonidan 3278 tonna yuqori avlodli hosildor kartoshka navlarining urugʼliklari jamgʼarilgan.

Ushbu urugʼliklar kuz-qish mavsumida belgilangan talablar asosida saqlanib, 2021 yil fevralь-mart oylaridan boshlab ekish uchun kartoshka yetishtiruvchi subʼektlarga yetkazib beriladi.

 

H. Maxmudov, Koʼchatlar, meva – sabzavot va poliz qishloq xoʼjaligi ekinlari urugʼlari yetishtirilishini nazorat qilish boʼlimi boshligʼi

Text to speech